AsosiyJinoyat

Neftni qayta ishlovchi yashirin sex faoliyati fosh etildi

'Neftni qayta ishlovchi yashirin sex faoliyati fosh etildi'ning rasmi

Farg`ona shahridagi Kimyogarlar ko`chasi 6-G uyda joylashgan «Farg`ona stats oyl» MChJning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

 Bu holat «O`zneftgazinspeksiya» tomonidan neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash bo`yicha yashirin sexlarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo`yish maqsadida o`tkazilgan navbatdagi tadbirlar paytida aniqlandi. 

Vakolatli organlardan ruxsat beruvchi hujjatlarga ega bo`lmagan holda korxona yashirin ishlab chiqarishni - xom neftga ishlov berish bo`yicha sexni tashkil qilgan. Foydalanilgan texnologiyaga ko`ra, mahsulot gaz kondensatini to`g`ridan-to`g`ri haydash yo`li bilan olingan, neft mahsulotlarini sovutish esa ularni 40-millimetrli 4 ta po`lat quvur orqali haydash yo`li bilan amalga oshirilgan. Bu quvurlar oqar suvli lotoklar ichidan o`tkazilgan. Korxona hududida, shuningdek, 2 ta er osti va 7 ta er usti sig`imlar, 4 ta bir tonnalik va 20 ta yigirma litrlik elim idishlar, 4 ta 200 litrlik temir bochka va ikkita 1 m3lik gorizontal idishlar topilgan. 

Bir so`z bilan aytganda, ob`ektda neft va neft mahsulotlariga ishlov berish bo`yicha ishlab chiqarish sikli tashkil qilingan. Aniqlangan ashyoviy dalillar orasida 5 tonna xom neft, 5,5 tonna dizel yoqilg`isi, 23,5 tonna sanoat moyi, shuningdek, 12 tonna neft shag`ali va 3 tonna neft koksi bor. 

Neft xomashyolar va qayta ishlangan mahsulotlar hamda moylar temir sig`imlarda saqlangan. Hozirgi paytda idishlarda saqlangan neft mahsulotlarining umumiy hajmi aniqlanmoqda.   

Topilgan idishlardagi mahsulotning sifatini aniqlash uchun 5 ta namuna olindi. Namunalar Farg`ona neftni qayta ishlash zavodining kimyoviy nazorat laboratoriyasiga batafsil tahlil o`tkazish uchun yuborildi. 

Foydalanilgan xomashyo bo`yicha ham tegishli hujjatlar mavjud emas, bu esa uning ushbu yashirin sexga noqonuniy ravishda, talon-taroj qilish yo`li bilan etkazilganligini bildiradi. Mahsulotning qaerdan va qanday yo`llar bilan olib kelinganligi aniqlanishi kerak. 

Berilgan ma`lumotga ko`ra, xomashyo materialini noqonuniy olinishi manbai xom neft qazib olish va uni qayta ishlashga ixtisoslashgan yaqin atrofdagi korxonalar bo`lgan. 

Neft va neft mahsulotlarini etkazib berish, saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya qilish bo`yicha profilaktik tadbirlar davom etmoqda. «O`zneftgazinspeksiya» tadbirkorlarni qonunchilikka rioya qilishga va o`z faoliyatini qonun doirasida amalga oshirishni tavsiya qilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar