O`tgan yalpi majlisda “Ona suti bilan oziqlantirishni qo`llab-quvvatlash hamda go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to`g`risida”gi qonun rad etilgan edi.
Parlament palatalari a`zolaridan iborat kelishuv komissiyasi yalpi majlislar oralig`ida samarali faoliyat olib bordi va takomillashtirilgan qonun bugungi yalpi majlisda muhokama qilindi.
Ma`lumki, ona suti go`dak uchun eng tabiiy va maqbul ozuqa hisoblanadi. Ilmiy izlanishlarda aniqlanishicha, ko`krak sutini emayotgan bolalarning bir qancha yuqumli kasalliklarga qarshi immuniteti yuqori bo`lib, ular ayrim sabablarga ko`ra sun`iy sutli aralashmalar bilan boqilayotgan tengdoshlariga nisbatan anchagina sog`lom o`sadi.
Shu munosabat bilan bolalarni ona suti bilan oziqlantirishni targ`ib qilish va qo`llab-quvvatlashni huquqiy jihatdan tartibga solish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi qonun ona suti bilan oziqlantirishni qo`llab-quvvatlash, go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir belgilangan talablarga rioya etilishini ta`minlashni maqsad qilgan.
Shu tufayli go`daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun sharoit yaratish maqsadida davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, avtovokzal, aeroport va temir yo`l vokzallarida, madaniy-ko`ngilochar muassasalarda maxsus ajratilgan joylar tashkil etilishi kerakligi belgilanmoqda.
Go`daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va etkazib beruvchilar, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchilar faoliyatiga oid cheklovlar o`rnatilmoqda. Xususan, Sog`liqni saqlash vazirligi bilan kelishmasdan go`daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishiga doir ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishga yo`l qo`yilmaydi.
Qayd etilganidek, qonun qabul qilinishi ilk kundan boshlab go`daklarning oqilona ovqatlanishini ta`minlash tadbirlari amalga oshirilishga, go`daklar va bolalar o`rtasida kasalga chalinish va o`lim ko`rsatkichlarini kamaytirishga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






