Rasmiy statistikaga ishonadigan bo`lsak, shu yilning to`qqiz oyida xorijiy kapital ishtirokida 2511 ta yangi korxona tashkil etilibdi. Ularning asosiy qismi doimiy hamkorlar sifatida aytiladigan — Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog`iston, Koreya Respublikasi rezidentlari hissasiga to`g`ri kelgan.
Hududlar kesimi bo`yicha tahlil qilinganda, eng ko`p korxona Toshkent shahri (1350) va viloyati (224), Surxondaryo (133), Samarqand (119)da tuzilgan. Ayniqsa, har doim hamma sohadan orqada qolib yuradigan Surxondaryoning birinchi uchlikdan joy olgani hudud sanoat salohiyati ortayotganini ko`rsatadi.
Davlat statistika qo`mitasi xorijiy kapital ishtirokida korxona va tashkilotlar soni jami 9732 taga etganini ma`lum qilmoqda.






