O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning bergan ma`lumotiga ko`ra, 2019 yilning 9 oyi mobaynida jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 26 859 nafar shaxsga nisbatan 20 627 ta ish ko`rib chiqildi. Mazkur ko`rsatkichlar 2018 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo`yicha 27,2 foizga, ishlar bo`yicha esa 28,2 foizga kamaygan.
Jumladan, 576 nafar shaxs oqlandi va reabilitasiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 20 818 nafarni tashkil etib, shundan 5 300 nafar shaxsga ozodlikdan maxrum qilish va 14 482 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 036 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 18 429 nafari erkaklar, 2 389 nafari ayollar, 8 036 nafari yoshlar (shu jumladan 378 nafari voyaga etmaganlar) va 674 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.
Shuningdek, 2 306 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog`liq bo`lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 19 667 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 6 041 nafariga tayinlangan jazosi engili bilan almashtirildi va 5 116 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo`yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
202 nafar shaxsga Yoshlar ittifoqi, 175 nafar ayolga Xotin-qizlar qo`mitasi va 1 078 nafar shaxsga mahalla fuqarolar yig`inlarining kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolar tayinlangan.
O`tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, transport vositasini olib qochish, qasddan odam o`ldirish, bosqinchilik, talonchilik, o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o`g`rilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O`zbekiston Respublikasiga kirish, bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og`ir va o`rtacha og`ir shikast etkazish, voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, fohishaxona saqlash yoki qo`shmachilik qilish, odam savdosi, mansab soxtakorligi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarni tashkil etish hamda o`tkazish kabi jinoyatlar uchun sudlanganlik ko`rsatkichlari kamaydi.
Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo`llanilishi natijasida 4 613 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Etkazilgan 362,2 mlrd. so`mdan ziyod moddiy zararning o`rnini qoplagan 2 327 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlangan.
9 869 ta jinoyat ishi, ya`ni barcha ishlarning qariyb 47,9 foizi sayyor sud majlislarida ko`rib chiqildi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan nazorat tartibida 1 355 nafar shaxsga nisbatan 1 094 ta ish ko`rib chiqildi. 812 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 403 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o`zgartirildi.






