Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkasaroy bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshirishda, “A.B.” mas`uliyati cheklangan jamiyat mansabdor shaxslari va ularning norasmiy rahbari «U» ismli shaxs va boshqalar, davlatga belgilangan soliqlarni to`lamaslik, savdo va xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish, bozordagi sog`lom raqobat muhitini buzish hamda soxta bankrotlikni yuzaga keltirish orqali noqonuniy boylik orttirish maqsadida o`zaro oldindan til biriktirganligi aniqlangan.
O`rganishlarda, ular xorijdan import qilingan 72,9 mlrd. so`mlik qurilish materiallarni naqd pulga sotib yuborib, savdodan tushgan mablag`larni esa bank kassasiga kirim qilmasdan boshqa ehtiyojlar uchun ishlatib yuborib, tushumni yashirish orqali byudjetga to`lanishi lozim bo`lgan jami 2,1 mlrd. so`m yagona soliqni to`lashdan qasddan bo`yin tovlashganligi ma`lum bo`lgan.
Shuningdek, jamiyat mansabdor shaxslari, 2017-2018 yillar davomida 93,5 mlrd. so`mlik xaridorgir mahsulotlar tushumini kirim qilmasdan, o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishganligi fosh etilgan.
Jinoiy rejani yakuniga etkazish maqsadida esa “uddaburonlar” jamiyatning pul mablag`lari yo`qligi hamda tovarlar to`lovga qobiliyatsizligini qasddan yuzaga keltirishi natijasida korxonani bankrot deb topilishiga erishishganligi hujjatlar bilan o`z tasdig`ini topdi.
Mazkur holat yuzasidan “A.B.” MChJ mansabdor shaxslari, norasmiy rahbari «U» ismli shaxs va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






