Joriy yil 10 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoraqalpog`iston Respublikasida joylashgan Qo`riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan qo`riqlanayotgan Amudaryo ustidagi toifalangan «Qipchoq ponton ko`prigi»dan noma`lum sabablarga ko`ra o`zini suvga tashlagan ayolning hayoti saqlab qolindi.
Ma`lum bo`lishicha, 2019 yil 10 oktyabr kuni soat 11:30lar chamasida «Cobalt» rusumli avtomashinadan noma`lum ayol kishi ko`prik oldida tushib qolib, o`zini daryoga tashlagan. Ko`prik hududida xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Qo`riqlash xizmati xodimlari bu holatni ko`rib, zudlik bilan cho`kayotgan ayolni suvdan olib chiqqanlar.
Tez tibbiy yordam ko`rsatish xizmati hamda tuman IIB navbatchilik qismi voqea joyiga etib kelguniga qadar Qo`riqlash xizmati xodimlari tomonidan ayolga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan.






