Yaqinda O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi Murojaat bilan chiqqan edi. Unda ishlab chiqaruvchilar va tayyorlovchilar o`rtasida g`alla xarid narxi va rag`batlantirish mexanizmi borasidagi munosabatlarni echimi masalasi ko`tarilgan edi. Ushbu masalani O`zA atroflicha o`rgandi.
Geografik xaritada nuqtadek joyni egallagan Andijonda 3 millionda ziyod aholi yashaydi. Har yili 50-60 ming kishiga ko`payayotgan hududda hosildorlikni oshirishdan boshqa imkoniyat qolmayotir. Buning uchun esa fermerning daromadi mo`l va qo`li uzun bo`lishi kerak. Qo`lni uzun bo`lishi esa moddiy manfaatdorlikka borib taqaladi.
Tohirjon Rejabov,
Oltinko`l tumanidagi “Istiqlol” fermer xo`jaligi rahbari:
- Er egasi bo`lganimga yaqinda 30 yil bo`ladi. Faoliyatimni bir gektar er bilan boshlagan bo`lsam, hozirda 50 gektar erda dehqonchilik qilaman. G`alla va paxtadan doim yaxshi hosil olganmiz. Aytish kerakki, g`alla va paxta tayyorlash davlat buyurtmasi asosida bo`lsada, sarf-xarajatlar o`rtasida anchagina farq bor. Oqibatda olinayotgan daromad har tomonga sochilib ketmoqda. Vaholanki, er quvvatini oshirish, ilg`or texnologiyalarni tatbiq etish kabi eng ustivor vazifalar ortga surilmoqda.
To`g`ri, usta-dehqonlar hech qachon aybni erga, tuproqqa to`nkamaydi. Hosildorlikni oshiruvchi omillardan foydalanishga e`tibor qaratadi, xolos. Ayni vaqtda O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashining g`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklari ta`minlash yuzasidan qabul qilgan Murojaati biz, er egalari uchun kutilmagan tuhfa bo`ldi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi “Boshoqli don etishtirishni yanada rag`batlantirishga doir qo`shimcha chora – tadbirlar to`g`risida”gi qarorida hosildorlikka qarab rag`batlantirish vazifasi belgilangan edi. Bundan ruhlanib, hosildorlikni ko`tarish bilan bog`liq agrotexnik tadbirlarni uzviyligini ta`minlashga ko`proq e`tibor berdik. Buning uchun anchagina mablag` yo`naltirdik.
Natijada 240 ming tonna o`rniga 262 ming 800 tonna don etishtirib, don korxonalariga etkazib berdik.
Begali Qodirov,
Andijon viloyati fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi raisi:
– Viloyatda asosiy xarid narxiga qo`shimcha 71 milliard so`mdan ziyod daromad olingani fermerlarning qanchalik jon kuydirib mehnat qilganini ko`rsatib turibdi. Ammo, g`alla mavsumining yakunlanganiga qarib 100 kun bo`lsada, hanuzgacha tayyorlangan don uchun fermerlarga to`lovlar yakunlanmadi. Xalqona aytganda fermerlar donni “qo`li bilan topshirib, haqqini olishga oyog`i bilan yugurmoqda”.
Tuman va viloyat darajasida fermerlar dodini aytmoqda. Biroq, mahalliy mutasaddilar jo`yali javob aytishga qodir emas. Yolg`onga o`ralgan va`dalar esa hamon muallaqligicha qolayotir. Bu borada qabul qilingan Murojaat fermerlarning ko`ngliga malham bo`ldi. Axir, Vazirlar Mahkamasining qarorida qayd etilgan imtiyozlardan maqsadli foydalanish yo`lida qo`shimcha xarajat qilgan fermerlar tayyorlov korxonasidan oladigan haqqi ustidan xarajat qilib qo`ygani haqiqat. Qo`shimcha o`g`it xarid qilish, zararkunandalarga qarshi kurash, suvchilarga oldindan berilgan va`dalar jamlansa, mavsumning ko`tarinkilik bilan yakunlanganligi yanada oydinlashadi.
Avazbek Ismoilov,
Oltinko`l tumanidagi “Tursunboy ota” fermer xo`jaligi ish yurituvchisi:
– Davlat buyurtmasi uchun g`alla va paxta etishtiruvchi fermerlar bilan hisob-kitob qilish mexanizmini bozor munosabatlariga mos tarzda shakllantirish masalasida vaqtni boy bermoqdamiz. Shartnoma shartlari ijrosida tayyorlovchilarning qo`li hamisha baland kelmoqda. Fermerlar dalasida ishlash o`rniga idorama idora yurish bilan vaqtni boy bermoqda. Qator xorijiy davlatlarda safarda bo`lib, dehqonchilik yo`nalishini kuzatganman. Afsuski, biz bu borada ancha orqadamiz. Bizdagi yugur-yugurlar, byurokratik to`siqlarni xorijliklar ko`z oldiga keltira olishmaydi.
Bizning ularda qaerimiz kam. Xorijda qaysidir mahsulotlarga davlat subsidiya ajratadi. Xo`p, don etishtirish va tayyorlash borasida muvozanatni ta`minlash kerak.
Six ham kabob ham kuymasin. Shunda dehqonchilik madaniyati ortadi va mahsulot miqdori ko`payadi






