Farg`ona viloyati hokimi Sh. G`aniev Qo`shtepa tumanidagi “FERGANA GLOBAL TEXTILE” MChJ rahbari Mo`minjon Razzoqovning onasi Hovaxon Madaminovaga vatanimiz ravnaqi, xalq farovonligi yo`lida fidoyilik ko`rsatgan farzand tarbiyalagani uchun tashakkurnoma bildirdi va “Malibu” avtomashinasini sovg`a qildi. Bu haqda Farg`ona viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qo`shtepa tumani paxta tayyorlash yillik rejasini mamlakatda birinchilardan bajarganligi haqida avval xabar bergan edik.
Tuman dehqonlari bugungacha rejadagi 19900 tonna o`rniga 21700 tonnadan ziyod paxta xirmonini uyushga erishdilar. Bunda “FERGANA GLOBAL TEXTILE” MChJ, shaxsan uning rahbari Mo`minjon Razzoqovning hissasi katta. Klaster usulida paxta etishtirgan qo`shtepalik dehqonni “FERGANA GLOBAL TEXTILE” MChJ erta bahordan zarur texnik vositalar, etarli miqdorda kimyoviy va mineral o`g`it, biologik ishlov berish vositalari bilan o`z vaqtida ta`minlab turdi.
Agar ilgari fermer xo`jaliklari ish yuritishda bank kreditiga bog`liq bo`lgan bo`lsa endi bu vazifani klaster tashkilotchisi o`z zimmasiga oldi. Ayniqsa, etishtirgan paxtani yig`ib terib olish chog`ida yuksak tashkilotchilik ko`rsatdi. Kunlik ish haqi to`lash tizimi tashkil etildi. Natijada garchi Qo`shtepa tumani bugungacha rejani 110 foizga bajargan bo`lsada, daladagi hosilni to`liq yig`ib olgach, yana kamida 10 foizlik o`sishga erishishi kutilyapti.






