Joriy yilning 3 oktyabr kuni “Sizdan Telegramm” kanalida ( “Ozodlik” ning rasmiy telegramm kanali) Samarqand Veterinariya medisinasi instituti dosenti M.Mamatovaning murojaati e`lon qilingan va unda Mamatova ta`lim sifatini oshirishga uringani uchun tazyiqqa uchragani, unga institutda ish berilmayotgani va boshqa vajlar haqida aytilgan. Shundan so`ng Samarqand Veterinariya medisinasiinstituti Axborot xizmati tomonidan mazkur murojaat atroflicha o`rganib chiqilib, e`lon qilindi.
Aniqlanishicha, Mamatova Muborak ayni kunda Samarqand Veterinariya medisinasiinstituti “Epizootologiya, mikrobiologiya va virusologiya” kafedrasi dosenti lavozimida, to`liq shtat birligida ishlaydi. Bungacha u institutning Sirtqi bo`lim boshlig`i lavozimida faoliyat ko`rsatgan va o`z arizasiga binoan vazifasidan ozod etilgan.
Shuningdek, M.Mamatovaning doktorlik dissertasiyasi himoyasi uchun institut rahbariyati tomonidan etarlicha sharoitlar yaratib berilgan bo`lib ma`lumotlarini tayyorlash va chop ettirish uchun unga Noutbuk va bir oylik mehnat ta`tili berilgan. Himoyadan so`ng, ishlanmalarini ishlab chiqarishga joriy etish yoki institutga investisiya kiritish bo`yicha Mamatova tomonidan biror marta murojaat qilinmagan. Institutda e`lon qilingan grant loyihalarida ham u hech qachon ishtirok etmagan. Dosent Mamatovaning o`zini O`rta Osiyodagi kam sonli veterinariya fanlari doktorlaridan biriman deyishi ham nokamtarlik va ahloq qoidalariga zid va “Ta`lim sifatini oshirishga uringanim uchun tazyiqqa uchradim” deyishi esa, quruq tuhmat va bo`xton.
Mamatovaning 83 yoshli onasini, institut rektori tugul, institut xotin-qizlar qo`mitasi, kasaba uyushmasi va boshqa mutasaddilarning hech biri hech qachon ko`rmagan va onaxon bilan muloqotda bo`lmagan. “Qamatib yuboraman” deb tahdid qilinishi haqidagi uydirma ham kurakda turmaydigan tuhmat va yolg`ondan iborat. “Tazyiq ” o`tkazilganligi haqida institut xotin-qizlar qo`mitasiga va boshqa mutasaddilarining hech biriga Mamatova tomonidan murojaat ham bo`lmagan. Shuningdek, institut tomonidan M.Mamatovaning ishlari Davlat mukofotiga ham tavsiya etilmagan.
SamVMIda “Epizootologiya, mikrobiologiya va virusologiya” kafedrasida 2 ta laboratoriya mavjud. Har ikkisi ham zamon talablari darajasida jihozlangan. Hatto yangi laboratoriyadagi sharoitlar va jihozlar eng so`nggi rusumdagi, deb bemalol aytish mumkin. ( AQSh va Yaponiya texnologiyalari asosidagi yangi zamonaviy o`quv -laboratoriya jihozlarining umumiy qiymati 1 mlrd.so`mni tashkil etadi) Mikroskop va proektorlar etarli, dars jarayonlarida muntazam foydalanib kelinadi. Viloyat laboratoriyasi esa institut hududiga yaqin masofada joylashgan. (Yo`lning qarama-qarshi tomonida, 100 metr) Unga avtobusda borishga hojat yo`q. Uzoqroq xo`jaliklarga borish uchun esa, albatta avtobus ajratilgan.
Shuningdek, joriy yilning 24 may kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Ziyolilar bilan uchrashuvidan so`ng institut rektori X.Yunusovning takliflariga ko`ra, Prezident tomonidan Samarqand Veterinariya medisinasi institutiga 3 dona yangi avtobus ajratilishi ma`lum qilingan. Demak, bu masalada ham muammo yo`q.
Xulosa o`rnida aytish kerakki, Mamatova yuqoridagi vajlar bo`yicha respublikamizdagi mas`ul idoralarga bir necha marta (bir oyda 6 marta) murojaat qilgan. M. Mamatovaning murojaatlari bo`yicha har safar turli tashkilotlar mutasaddilaridan iborat maxsus Ishchi guruh tomonidan tekshirishlar o`tkazilib, arizada ko`rsatilgan bandlarning hech biri o`z isbotini topmagan, aksincha, yolg`on va tuhmatlardan iborat ekanligi aniq dalillar asosida isbotlabberilgan. Bu jarayonlarda institutning sha`niga dog` tushishi mumkinligi Mamatovani qiziqtirmadi. Jamoadoshlari obro`si, oltindan qimmat vaqti va asablari e`tiborga olinmadi. Shunda ham institut ma`muriyati tomonidan unga bir shtat birligida dars soatlari ajratib berildi. Oilaviy sharoiti, institutda 20 yildan beri ishlayotgani va ayol kishi ekanligi inobatga olinib, ziyolilarga xos bag`rikenglik bilan Mamatovaning “qilmishlari”, turli mas`ul idoralarga qilayotgan asossiz murojaatlariga ko`z yumib kelinmoqda.
Ammo har narsada me`yor bo`lgani afzal. Tuhmatlar to`xtatilmas ekan, institut ma`muriyati so`nggi chora sifatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat etishga majbur.






