O`zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan 2019 yilning 9 oyida jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborotni tarqatish sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, fuqarolarning huquqiy ongini, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yangi qabul qilingan qonun hujjatlari, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni aholi va ijrochilarga etkazish maqsadida jami 90.235 ta qonunchilik targ`iboti tadbirlari amalga oshirilgan.
Shundan 76.668 tasi ma`ruza, suhbat va boshqa shakldagi og`zaki tadbirlardan iborat bo`lib, 13.567 tasini ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar tashkil qilgan. OAVlaridagi chiqishlarning 4026 tasi matbuotda, 4265 tasi radioda, 4353 tasi televidenie orqali hamda 923 tasi elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilgan.
Bosh prokuraturaning rasmiy saytiga joriy yilning 9 oyida jami 371 ta faoliyatga oid keng ma`lumotlar, amalga oshirilayotgan tadbirlar, tezkor xabarlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda boshqa muhim axborotlar joylashtirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi “Facebook” (102 ta), “Telegram” (289 ta) hamda “Instagram” (53 ta) sahifalariga ma`lumotlar joylashtirib borilmoqda.
Shuningdek, mahalliy va markaziy bosma nashrlar hamda internet saytlarida o`tkazilgan monitoring natijasida jami 904 ta prokuratura organlari aralashuvini talab etuvchi tanqidiy materiallar aniqlangan bo`lib, holatlar to`liq o`rganilgan hamda munosabat bildirilgan.
O`rganish natijasiga ko`ra, 62 ta prokuror nazorati hujjatlari qo`llanilgan, qo`pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 15 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Bosh prokuraturaning «oav.prokuratura.uz» platformasiga bugungi kunga qadar jami 31 ta so`rov kelib tushgan bo`lib, ularning 28 tasiga o`z vaqtida rasmiy javoblar berilgan, 3 ta so`rov tegishli tartibda ko`rib chiqilmoqda.






