Hayot sinov va tasodiflardan xoli emas. Kutilmaganda ro`y beradigan baxtsiz hodisalar, favqulodda holatlar yoki kasalliklar xuruj qilganda har qanday inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo`ladi.Mamlakatimizda bu yo`nalishda shakllangan zamonaviy tibbiy yordam tizimi xalqimizga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko`rsatishda muhim omil bo`layotir. Keyingi yillarda ushbu tizimning moddiy-texnika bazasi takomillashayapti.

Shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligi, sifat va samaradorligini oshirishga yo`naltirilgan ishlar o`z samarasini bermoqda.Natijada aholining “tez yordam”ga ishonchi ortmoqda. Masalan, joriy yilning o`tgan to`qqiz oyida birgina Toshkent shahri miqyosida “tez yordam”ga 750 mingga yaqin chaqiriqlar tushgan. Bu ko`rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 7 foiz ko`proqdir.
Biroq, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada hali qator masalalar ham yo`q emas. Masalan, ba`zi hollardachaqiriq joyiga “tez yordam”ning kechikib borishi masalasi ana shunday bahsli munozaralardan biridir.Xo`sh, “tez yordam” nega ba`zida kechikadi?

— Bunga aksariyat holatda yo`llarda “tez yordam” mashinasiga yo`l berilmaslik ham sabab bo`lmoqda, — deydi Shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo`yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodov. —Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda “tez yordam”ga yo`l bo`shatib berish bo`yicha haydovchilarda shaxsiy mas`uliyat juda yuqori. Biz esa yo`llarda ko`pincha buning aksiga guvoh bo`lamiz. Mashina chaqiruv signalini yoqib tursa-da bunga parvo qilmaydigan haydovchilar ham yo`q emas.

Kuni-kecha ro`y bergan bir voqea bunga misol: Joriy yil 11 sentyabr kuni ertalab soat 07:25 da Toshkent xalqaro aeroportidan Call markazga 60 yoshli kishining sog`lig`i yomonlashib, hushidan ketgani haqida chaqiriq tushadi. Bu ma`lumot zudlik bilan Yakkasaroy tumanidagi 10-bo`limga etkazilgan. Oradan 1 daqiqa o`tib, ya`ni, soat 07:26 da “Tez yordam” brigadasi chaqiriq joyiga otlanadi. Biroq, Yakkasaroy to`yxonasining yonidagiyo`l tiqilinch bo`lgani sababli “Tez yordam” 5-6 daqiqa turib qoladi. “Tez yordam” mashinasining chirog`i yonib, chaqiriq signaliyangrab tursa-da, mashinaga yo`l berilmaydi.
“Tez yordam” manzilga etib borganida aeroport shifokorlari bemorga tibbiy yordam ko`rsatayotgan ekan. “Tez yordam” shifokorlari ham darhol ishga kirishadi. Bemorda o`pka-yurak reanimasiyasi muolajalari o`tkaziladi. Biroq, ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor vafot etadi.

Shu o`rinda, haydovchilarga murojaat qilib shuni aytmoqchi edikki, qadrli haydovchilar, yoningizda chirog`i va chaqiruv signalini yoqib kelayotgan “tez yordam” mashinasining ko`magiga, balki sizning yaqinlaringizdan biri ko`z tutib turgandir. “Tez yordam” oshiqqan manzil sizning xonadoningiz bo`lishi ham ehtimoldan xoli emas-ku. Qolaversa, kimningdir farzandi, otasi yoki onasi, joni-jigarining hayoti qil ustida turgan bo`lishi, siz ozgina himmat qilib, “tez yordam”ga yo`l bersangiz bir insonning hayotini saqlab qolishdek katta savobga sherik bo`lishingiz mumkin.
Qadrli haydovchilar, yo`llarda haydovchilik madaniyati va mas`uliyatini teran his etgan holda harakatlanaylik, xayrli ishlarda hamisha kamarbasta bo`laylik. “Tez yordam”ga yo`l berishga odatlanaylik!
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






