AsosiyJamiyat

Sifat nazoratidan o`tgan dori vositalari kafolatlangan. Ularni bemorlarga o`z vaqtida etkazib berish choralari ko`rilmoqda

'Sifat nazoratidan o`tgan dori vositalari kafolatlangan. Ularni bemorlarga o`z vaqtida etkazib berish choralari ko`rilmoqda'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sog`liqni saqlash vazirligi bergan bepul dorilar bemorlar ahvolini og`irlashtirmoqda” sarlavhali tanqidiy videomaterial e`lon qilindi. Unda buyragi transplantasiya qilingan bir guruh murojaatchilar avval iste`mol qilib kelgan “Pangraf” o`rniga “Roligraf” dori vositasining berilayotgani, ushbu dori vositasidan xavfsirashayotgani aytib o`tilgan edi.

Ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi rahbariyati va mutaxassislari shikoyat bilan kelgan bemorlar bilan uchrashdi. Yuzaga kelgan tushunmovchiliklar chuqur o`rganilib, quyidagilarni ma`lum qiladi. 

Ma`lumki, mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasining «Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida»gi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining sifati, samaradorligi va bezararligi tegishli ekspertizadan o`tkazilib, o`rnatilgan tartibda davlat ro`yxatidan o`tkazilgandan so`nggina tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga ruxsat etiladi. Bundan tashqari, yurtimizda ishlab chiqarilgan yoki import qilingan har bir dori vositasining har bir seriyasi sifat nazoratidan o`tkazilib, muvofiqlik sertifikati ham  rasmiylashtiriladi.

Ta`sir etuvchi moddasi takrolimus bo`lgan, ta`siri jigar, buyrak yoki yurak allotransplantatlari ajralishi reaksiyasining oldini olishda qo`llaniladigan, beshta kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan 5 savdo nomidagi dori vositalari hamda to`rtta kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan, ta`sir etuvchi moddasi mikofenolat mofetil saqlovchi 4 savdo nomidagi dori vositalari O`zbekiston Respublikasida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan bo`lib, tibbiyot amaliyotida qo`llanilishga ruxsat etilgan.

– Dori vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Sog`liqni saqlash vazirligi xuzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” tomonidan xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi, – deydi ushbu markaz direktori Sherzod Abduganiev. – Yuqoridagi dori vositalarini ro`yxatdan o`tkazish jarayonida, ro`yxatdan o`tkazish hujjatlari va dori vositalari namunalari  ham o`rnatilgan tartibda ekspertiza qilinib, Davlat markazining tegishli laboratoriyalarida sifat nazoratidan to`liq o`tkazilgan va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga to`la mos kelishi tasdiqlangan.

– Ayni paytda bemorlarimizga berilayotgan “Roligraf” dori vositasining tarkibi va ta`sir etuvchi moddasi “Pangraf” dori vositasi bilan  bir xil, – deydi Sog`liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Ulug`bek Yo`ldoshev. – Yana bir e`tiborli jihati, “Pangraf”, “Prograf”, “Takrolimus” dori vositalari sutkasiga ikki marta qabul qilingan bo`lsa, ulardan farqli o`laroq “Advagraf” va “Roligraf” dori vositalarining ta`siri uzaytirilgan bo`lib, ular sutkasiga bir marta qabul qilinadi, xolos. Eslatib o`tamiz, mazkur dori vositalarini o`z vaqtida va belgilangan miqdorda iste`mol qilish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, ushbu dori vositalari zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan bo`lib, o`z davlatida va boshqa xorijiy davlatlarda ro`yxatdan o`tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo`llashga ruxsat etilgan. Shu o`rinda unutmaslik kerakki, har bir dori vositasi GMP, ya`ni xalqaro talablarga muvofiq ishlab chiqarildimi, demak, unga nisbatan shubha bo`lishi noo`rin hisoblanadi. Qolaversa,   Sog`liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi davolash profilaktika muassasalarida bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta`minlash “Davlat xaridlari to`g`risida”gi qonunga asosan ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida  amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda O`zbekiston Respublikasida buyrak va jigar ko`chirib o`tkazilgan 620 nafar bemor ro`yxatda bo`lib, ulardan 590 nafar bemor takrolimus va mikofenolat mofetil preparatlari bilan davlat tomonidan bepul ta`minlanmoqda. Dori vositalarining o`z vaqtida bemorlarga etkazib berilishiga ham alohida e`tibor qaratilgan bo`lib, qat`iy nazoratga olingan.

Ayni paytda yuqorida qayd etilgan dori vositalarini qabul qilgan ayrim bemorlardan kelib tushgan murojaatlar Sog`liqni saqlash vazirligi mutuxassislari tomonidan chuqur o`rganilib, tahlil qilinmoqda. O`rganish yakunlari bo`yicha batafsil ma`lumot beriladi.

    Boshqa yangiliklar