Joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo`lida yoshlar huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari bo`lib o`tadi.
Ushbu xalqaro seminarning asosiytashabbuskorlaridan biri bo`lmish Islom hamkorlik tashkiloti haqida nimalarni bilamiz?
Bunda, avvalambor, Islom hamkorlik tashkiloti tarixiga muxtasar nazar solish lozim. Dunyodagi eng yirik xalqaro islom tashkiloti hisoblanuvchi ushbu nufuzli tuzilma dastlab Islom konferensiyasi tashkiloti (IKT) deb yuritilgan. Islom hamkorlik tashkiloti degan hozirgi nomini 2011 yilda olgan. IHT qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan.
IHTda ingliz, arab va fransuz tillari rasmiy ish tili hisoblanadi. IHTning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
- a`zo davlatlar o`rtasida do`stlik va birdamlik rishtalarini uyg`unlashtirish;
- islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish;
- davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish;
- inson huquqlarini himoya qilish;
- a`zo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga ko`maklashish;
- islom dini haqida turli nohaq va nojo`ya ma`lumotlarni bartaraf qilish;
- turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni tashkil qilish;dan iborat.
Bugungi kunda IHTga ikki milliardga yaqin aholiga ega 57 davlat a`zodir. Bu keng miqyosdagi hamkorlik muqaddas islom qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, musulmon xalqlari o`rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta`minlash, tashkilotga a`zo mamlakatlar xalqlarining rivojlanishi va farovonligiga ko`maklashishdek ezgu maqsadlarga erishish yo`lida muhim o`rin tutib kelmoqda.
IHTda BMT, Rossiya, Bosniya va Gersegovina, Markaziy Afrika Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. O`zbekiston 1995 yil oktyabr oyida mazkur tashkilotga kuzatuvchi, 1996 yil 2 oktyabrdan boshlab to`laqonli a`zo sifatida qabul qilingan.






