O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining Boku shahrida bo`lib o`tadigan ettinchi sammitida ishtirok etishi kutilmoqda. Bu nafaqat O`zbekiston, balki barcha turkiy tilli mamlakatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kuni kecha Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investisiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag`dat Amreevni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari uchrashuv chog`ida O`zbekiston va Turkiy kengash o`rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uchrashuvda Turkiy kengashning birinchi navbatda savdo, investisiyalar, innovasiyalar, transport, turizm, madaniy-gumanitar almashinuvlar kabi dolzarb yo`nalishlarda amaliy sheriklikni rivojlantirishga ko`maklashuvchi samarali mintaqaviy tuzilma sifatidagi salohiyatiga yuksak baho berildi.
Turkiy kengash bosh kotibi O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz Kengashga to`la huquqli a`zo sifatida kirishi bilan tabrikladi.
Bu albatta mamlakatimiz tarixidagi yangi sahifa, ta`bir joiz bo`lsa, tarix zarvaraqlaridan joy olgan mustahkam an`analarning mantiqiy davomidir.
“Tarixingdur ming asrlar...”
Dunyo tarixida, insoniyat taraqqiyotida turli davrlarda yuzaga kelgan sivilizasiyalar, saltanatlarning o`rni va ahamiyati katta bo`lgan. Ular orasida turkiy xalqlar tomonidan asos solingan qadimiy davlatlar, ularning zaminida rivoj topgan madaniyat va tamaddunlar alohida o`rin tutadi.
Olib borilayotgan tadqiqotlar o`tmishda turkiy xalqlar juda katta hududlarni o`z ta`sir doirasiga olgani, dunyo tarixida mislsiz o`zgarishlarga sabab bo`lganini ko`rsatmoqda.
Turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi sanalgan O`rxun-Enasoy obidalari, Mahmud Koshg`ariyning “Devonu lug`otit-turk” asari va boshqa ko`plab obidalar ajdodlarimizning naqadar yuksak aql-zakovat, salohiyat va idrok sohibi bo`lishganidan darak beradi. Xalqlarimiz dahosi timsoli bo`lgan "Go`ro`g`li", "Alpomish". "Dada Qo`rqut". "Manas", "Edigey" singari qahramonlik eposlari asrlar osha insoniyatni mardlikka, vatnparvarlikka, olijanoblikka undab kelmoqda.
Tarixga nazar tashlasak, turk hoqonligi, qoraxoniylar, g`aznaviylar, saljuqiylar, xorazmshohlar, temuriylar, usmoniylar, boburiylar, safaviylar singari buyuk sulolalar o`z hukmronligi davrida davlatni haq va adolat bilan boshqarishga, ilm-fan, mehmorchilik, madaniyat va san`atni rivojlantirishga harakat qilishdi. Kultegin, Hasan Bug`roxon, Sulton Sanjar, Alp Arslon, Erto`g`rul, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Shoh Ismoil Safaviy, Sulton Sulaymon Qonuniy, Abilayxon singari hukmdorlar va sarkardalar turkiy xalqlarning birdamligi, turkiy ellarning kuch-qudrati va ozodlik uchun ulkan qahramonliklar ko`rsatib kelishgan.
Bu turkiy davlatlardan to shu kunga qadar juda ko`p tarixiy va madaniy yodgorliklar etib keldi. Turkiy kengliklardan etishib chiqqan al-Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Imodiddin Nasimiy, Muhammad Fuzuliy, Nasiriddin Tusiy singari olim va mutafakkirlar nafaqat turk dunyosi, balki jahon sivilizasiyasiga bebaho hissa qo`shib ketdilar. O`zbek adabiyotining buyuk vakili Mir Alisher Navoiy ham butun umri va faoliyatini turkiy tilning shon-shuhratini yuksaltirishga qaratgani ham bejiz emasdi.
Agar bir qavm, gar yuz, yo`qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur,
- deganida ham turkiy tilda so`zlashuvchi el-uluslar o`rtasidagi ma`naviy birlikni tarannum etgan bo`lsalar ajab emas.
Turkiylar qo`lni qo`lga berganda...
Bugun sayyoramizda yashayotgan turkiy tilli xalqlarning umumiy soni 250 million kishidan oshadi. Ularning asosiy qismi oltita mustaqil turkiy tilli respublika – Ozarboyjon, Turkiya, Turkmaniston, O`zbekiston. Qirg`iziston va Qozog`istonda istiqomat qiladi. Ushbu davlatlarning umumiy maydoni salkam 5 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bugungi kunda mazkur davlatlar o`rtasida har taraflama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib kelmoqda.
Ma`lumki, o`tgan asrning boshlarida usmoniylar saltanati o`rnida Turkiya Respublikasi qad rostladi. Kavkaz va O`rta Osiyodagi turkiyzabon davlatlar o`rnida sovet hukumatiga tobe respublikalar tashkil topdi. Ularning o`zaro munosabatlari kommunistik mafkura nuqtai nazaridan belgilanar, nisbatan uzoqroq makonda joylashgan Turkiya bilan aloqalar ham rasmiy Moskva va Anqara muzokaralari doirasidan chetga chiqmasdi.
Turkiy tilli davlatlar o`rtasidagi aloqalar sovet hukumati tarqalganidan keyin, uning tarkibidagi qardosh respublikalar (Turkmaniston, O`zbekiston. Qirg`iziston, Qozog`iston) hamda Turkiya o`rtasidagi qisqa muddat ichida hamkorlik aloqalari yo`lga qo`yildi. 1992 yildan boshlab, turkiy tilli davlat rahbarlari sammiti o`tkazila boshlandi. Mazkur davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan 1993 yilda Turkiy tilli xalqlar madaniyati tashkiloti (Turksoy) ta`sis etildi.Ayni paytda turkiy tilli davlatlar hamkorligida TurkPA (Turkiy tilli davlatlar parlamentar assambleyasi) Turkiy madaniyat va meros jamg`armasi, ilmiy tadqiqotlar uchun mo`ljallangan Turkiy akademiya singari qator tuzilmalar faoliyat ko`rsatib kelmoqda.
Bundan roppa-rosa o`n yil ilgari..
2009 yil 3 oktyabr kuni Ozarboyjon Respublikasining Naxichevan shahrida mazkur sammit negizida turkiy tilli respublikalar hamkorligi kengashini (Turkiy kengash) tuzish to`g`risida Ozarboyjon, Turkiya, Qirg`iziston va Qozog`iston o`rtasida bitim imzolangan edi. Bitimga asosan Turkiy kengash xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi, uning maqsad va vazifalari esa turkiy tillar mamlakatlari o`rtasida o`zaro ishonch, do`stlik va yaqin qo`shnichilikni mustahkamlash, mintaqada, umuman dunyoda tinchlikni qo`llab-quvvatlash hamda xavfsizlikni ta`minlashga qaratilgan.
2012 yil 25 avgust kuni Qirg`iziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiy tilli davlat rahbarlari Turkiy Kengashning bayrog`ini tasdiqladilar. Unda o`sha paytda ushbu tashkilotga a`zo bo`lgan to`rt davlat (Ozarboyjon, Turkiya, Qozog`iston, Qirg`iziston) bayroqlaridan ma`lum timsollar saralab olingandi. Jumladan Qozog`iston bayrog`idan moviy rang, Qirg`iziston bayrog`idan quyosh ramzi, Turkiyaning bayrog`idan hilol va Ozarboyjon bayrog`idan sakkiz qirrali yulduz olingan.
Ayni paytda Turkmaniston va Vengriya Turkiy kengashning kuzatuvchi davlatlari maqomiga ega. Kengashning kotibiyati Istanbul shahrida joylashgan. Tashkilotga 2018 yil 3 sentyabrdan qozog`isonlik siyosat arbobi Bagdat Amreev rahbarli qilib kelmoqda.
O`zanini topgan daryolar
Ma`lumki, turkiy tilli davlat rahbarlari sammitiga 1996 yil 21 oktyabr kuni O`zbekiston oxirgi marta mezbonlik qilgan, keyinchalik O`zbekiston va Turkmanistonning ushbu tashkilot doirasidagi faoliyati sezilmay qolgandi.
Keyingi uch yil ichida O`zbekistonning ichki va va tashqi siyosatida juda katta o`zgarishlar ko`zga tashlanmoqda. Buni jahon hamjamiyati vqakillari, xalqaro ekspertlar, turli davlatlarning siyosiy arboblari ham e`tirof etib kelishmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar qatori qardosh turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko`tarish borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
14 sentyabrida O`zbekiston Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisida ma`qullangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish to`g`risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi.
Bu hodisa O`zbekistonda va boshqa qardosh mamlakatlar tomonidan katta quvonch bilan qarshi olindi. Mutaxassislarnin aytishicha, Turkiy kengash unga a`zo davlatlarning muloqoti va hamkorligini ilgari surish maqsadida tuzilgan yirik mintaqaviy birlashma hisoblanadi. Ushbu tashkilotning shakllanishiga qadar O`zbekiston turkiy tillar davlatlari o`rtasida o`zaro hamkorlikni o`rnatish va yanada rivojlantirishda faol ishtirokchi va tashabbuskorlardan biri bo`lgan.
Shuningdek, O`zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida ishtiroki ushbu tashkilotning a`zo-davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquq-tartibot, tabiatni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnikaviy, ta`lim, energetika, transport, kredit-moliya va o`zaro manfaatli boshqa sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga ko`mak ko`rsatadi.
Bundan tashqari, mazkur tuzilmaga a`zo bo`lish savdo va investisiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish, tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida bojxona va tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish hamda bank va moliyaviy operasiyalarni engillashtirish imkonini beradi.
Diplomatlar nuqtai nazaridan
O`zbekistonning Turkiy Kengashga qo`shilishi yurtimizdagi diplomatik korpus vakillari, jumladan turkiy tilli davlatlarning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchilari tomonidan alohida e`tibor va quvonch bilan qarshilandi.
- O`zbekistonning Naxichevan Bitimini ratifikasiya qilishi Kengash salohiyatini sezilarli darajada oshiradi va butun dunyoda uning ahamiyati hamda salmog`ini mustahkamlaydi, - deydi Ozarbayjon Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Quliev. –O`zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Mintaqadagi biror masala uning ishtirokisiz hal etilmaydi. O`zbekiston Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O`zbekiston barcha qo`shni mamlakatlar bilan yaqin aloqalarni o`rnatib, ularni qo`llab-quvvatlab kelyapti. Zero, O`zbekiston tarixiy va geografik nuqtai nazardan mintaqa hayoti faoliyatining barcha sohasini bir-biriga bog`laydigan halqadir.
– O`zbekistonning Kengashga kirishi barqarorlik, yaxshi qo`shnichilik va qardosh turkiy xalqlarning birgalikda iqtisodiy rivojlanishi uchun platforma yaratish yo`lida mamlakat rahbariyati tomonidan olib borilayotgan siyosatning tadrijiy davomi sanaladi, - deydi Qozog`iston Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi. – O`zbekiston faqat mintaqaviy daraja bilan cheklanib qolmay, dunyoning ilg`or mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish uchun imkoniyat darchalarini ochyapti. Albatta, bu O`zbekistonning Turkiy Kengash va boshqa birlashmalar bo`yicha hamkorlari foydasiga xizmat qiladi.
– O`zbekistonning Kengashga a`zo bo`lishi, eng avvalo, ushbu tuzilmani ham mintaqaviy, ham global darajada yangi bosqichga olib chiqdi, - deydi Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er. - O`zbekiston ishtirokida Turkiy Kengash yanada kuchayadi. Shu sababli tashkilot mintaqaviy va global tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qo`shish uchun har qachongidan ham ko`proq imkoniyat va mavqega erishdi. Biz O`zbekiston va boshqa turkiyzabon davlatlar o`rtasidagi asriy mustahkam qardoshlik rishtalari Turkiy Kengashning jipslashtiruvchi bayrog`i ostida yanada mustahkamlanishini kutmoqdamiz.
“O`zligingni anglasang, yuksalasan!”
Buyuk turk hukmdorlaridan biri Bilga Hoqon (717-734) kelgusi avlodlar uchun yozib qoldirgan mashhur bitiktoshida shunday jumlalarni uchratish mumkin: “Ey turkiy elim, sen o`zligingga qayt, o`zingni angla, shundaygina sen yanada yuksalasan!”
Bu so`zlar aytilganida 13 asrga yaqin vaqt o`tganishga qaramay, bugun dunyoda yuz berayotgan turli evrilishlar, siyosiy jarayonlar burcha xalqlar qatori turkiy tilliy xalqlar va mamlakat uchsun ham kuchlarni birlashtirish, tarixiy o`zaklarni anglagan holda kelajak sari qadam tashlash zaruratini oldimizga vazifa qilib qo`ymoqda.
Turkiy kengashga a`zo davlatlarning kelajagi ham bevosita hamjihatlikni, mavjud muammolarni birgalikda hal qilishni taqozo etmoqda.
Binobarin, mamlakatimizning ushbu nufuzli kengashga a`zo bo`lishi, yurtimizda Naxichevan Bitimining ratifikasiya qilinishi, O`zbekistonning 15 oktyabr kuni Boku shahrida bo`lib o`tadigan ettinchi sammitida to`la huquqli a`zo sifatida ishtirok etishi olamshumul hodisa sifatida turk dunyosi tarixi sahifalarida muhrlanib qolajak.
Rustam Jabborov





