O`zbekistonda bir yilda o`rtacha 7,1 million tonna maishiy chiqindi hosil bo`ladi, 2018 yilda 1,3 million tonna chiqindi qayta ishlanib, undan 1,1 million tonnaga yaqin tayyor mahsulot tayyorlandi.
Toshkent shahri “Yakkasaroy tuman chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi” va Ohangaron tumani poligonida chiqindilarni saralash liniyalari o`rnatilib, ishga tushirildi. Ohangaron poligonidagi chiqindi saralash uskunasi respublikamizda ishlab chiqarilgan bo`lib, tajriba tariqasida o`rnatildi.
Tahlillarga ko`ra, mamlakatimizda hosil bo`layotgan sanoat chiqindilarining 95 foizi saqlash va ko`mish uchun maxsus poligonlarga joylashtiriladi. Sanoat korxonalari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ularni qayta ishlash va utilizasiya qilish ishlariga etarli darajada e`tibor berilmasa, atrof-muhitning sanoat chiqindilari bilan ifloslanishiga olib keladi. Shuningdek, atrof-muhitni obodonlashtirish va tozalikka rioya qilish, maishiy chiqindilarni yig`ish, saralash va qayta ishlash borasida aholi faolligini oshirish davr talabidir.






