Buxoro viloyati iqtisodiy sudining joriy yil 20 fevral kungi ijro varaqasiga asosan, qarzdor “OTEL NUKUS” MChJ dan undiruvchi AKB “Qishloqqurilishbank” Nukus filiali foydasiga 3 mlrd. so`m asosiy qarz, 337 mln. 303,4 ming so`m kredit foizi, shuningdek, ustama va pochta xarajatlarini undirish, undiruvni esa garovga qo`yilgan mehmonxona va kafe binosiga qaratish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati Byuroning Nukus shahar bo`limi ish yurituviga 7 mart kuni kelib tushgan va shu kunning o`zida ijro ishi qo`zg`atilgan, deb yozadi O`zA.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida, qarzdorga sud qarorining ijrosini ta`minlash uchun ixtiyoriy muddat beriladi va bir necha bor ogohlantiriladi.
Lekin, ogohlantirishlarga qaramasdan kredit qarzdorligi qoplanmaganligi sababli, garovdagi mehmonxona va kafe binosi bo`lim davlat ijrochilari tomonidan garovga qo`yilgan 3,9 mlrd. so`mlik mehmonxona va kafe binosi xatlovga olindi.
Xatlangan mehmonxona va kafe binosi qisqa muddat ichida elektron onlayn-auksion savdo maydonchasiga chiqarilib sotildi.
Natijada, 3 mlrd. 337 mln. 303 ming so`mlik kredit qarzdorligi bank foydasiga to`liq undirildi.






