AsosiyJamiyat

​Toshkentda Islom hamkorlik tashkilotining xalqaro seminari bo`lib o`tadi

'​Toshkentda Islom hamkorlik tashkilotining xalqaro seminari bo`lib o`tadi'ning rasmi

Joriy yilning 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo`lida yoshlar huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi yillik 6-seminari bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu nufuzli xalqaro anjuman IHT Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi, O`zbekiston Respublikasi Hukumati va BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.

Yillik 6-seminarda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo`lida yoshlar huquqlarini rag`batlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi. Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyasi loyihasini qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratiladi.

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati bildirishicha, seminarda IHTning Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi a`zolari, xalqaro ekspertlar, IHTga a`zo va kuzatuvchi maqomidagi 40 dan ziyod davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.

Anjuman nihoyasida yakuniy hujjat qabul qilinishi kutilmoqda. Unda yoshlar huquqlarini to`liq ro`yobga chiqarish orqali ularning o`z mamlakatlari taraqqiyoti jarayonlarida bevosita ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan yoshlar siyosatini ishlab chiqish bo`yicha tavsiyalar bayon etiladi.

IHT Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo`lida yoshlar huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi yillik 6-seminarida qabul qilinadigan yakuniy hujjat, shuningdek, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etilishi mo`ljallangan.

    Boshqa yangiliklar