O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli o`g`lini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, keyingi yillarda O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi do`stlik, sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko`tarilganini mamnuniyat bilan ta`kidladi.
2017 yilning kuzida Turkiyada va o`tgan yilning bahorida O`zbekistonda davlat tashriflari doirasida bo`lib o`tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar konstruktiv siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qilgani alohida qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko`lamda amalga oshirish, savdo, innovasiyalar, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, to`qimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qo`shma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi ta`kidlandi.
Uchrashuvda Rifat Hisorjiqli o`g`li samimiy qabul uchun O`zbekiston rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`anning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Keyingi yillarda 750 dan ziyod qo`shma korxona tashkil etilgani, shuningdek, o`zaro savdo hajmi ikki barobar ortgani Turkiya biznesining O`zbekiston bozoriga chiqishdan manfaatdorligi ortib, ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Rifat Hisorjiqli o`g`li Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari - Savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi a`zolari ustuvor loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklari hamda bu masalalarni o`zbekistonlik sheriklar bilan Toshkentda bo`lib o`tadigan Turkiy tilli davlatlarning birinchi Investisiya forumi va Ishbilarmonlar kengashi majlisida muhokama qilishni rejalashtirganini ta`kidladi.
Uchrashuv so`ngida mehmon O`zbekiston-Turkiya do`stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini yo`lga qo`yish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga ko`maklashish borasida qat`iy ekinini tasdiqladi.






