AsosiySiyosat

Issiq suv va issiqlik ta`minotidagi barqarorlik – aholining hayotdan rozi bo`lishini ta`minlovchi muhim omil

'Issiq suv va issiqlik ta`minotidagi barqarorlik – aholining hayotdan rozi bo`lishini ta`minlovchi muhim omil'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 oktyabr kuni aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan ta`minlash bo`yicha ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Bugungi kunda mavjud qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarining muayyan qismi eskirgani, ayrimlari foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgani ko`rsatib o`tildi. Xususan, mazkur sohaga hozirgacha xorijiy investisiyalar umuman jalb qilinmagani mavjud imkoniyatlar etarlicha ishga solinmaganini ko`rsatadi.

Yillar davomida texnologik modernizasiya ishlari amalga oshirilmagani sababli tarmoq daromadining 85 foizi yoqilg`i-energetikaga sarflanmoqda. Afsuski, tarmoqdagi yo`qotishlar 35-40 foizga etgan. Energiya resurslari xarajati va to`lovlardagi nomutanosiblik oqibatida kreditor va debitor qarzdorlik yuzaga kelmoqda.

Shu bois Prezidentimiz sohani tubdan isloh qilish, mavjud quvvatlarni yangilash va boshqaruvni takomillashtirish vazifalarini kun tartibiga qo`ydi.

Sifatli issiqlik ta`minoti tizimini yo`lga qo`yish uchun, avvalo, tarmoq korxonalarini modernizasiya qilish, bunda Avstriya, Daniya, Germaniya, Finlyandiya tajribasi asosida energiya tejamkor hamda ko`p maqsadli texnologiyalarni keng qo`llashga alohida e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlandi.

Ushbu tizimning afzalligi shundaki, katta mablag` hisobiga ishlab chiqarilgan issiqlikdan sirkulyar tarzda qayta-qayta foydalansa bo`ladi. Misol uchun, Toshkent shahri issiqlik ta`minotini shunday “yopiq tizim”ga o`tkazish yiliga 300 milliard so`m miqdoridagi 3 million gigakaloriya issiqlik yo`qotilishining oldini oladi, ayni paytda 160 milliard so`m hajmidagi 320 million kub metr tabiiy gaz hamda 25 milliard so`mlik 85 million kilovatt elektr sarfini qisqartirish imkonini beradi.

Yig`ilishda 12 ta shahardagi 5 mingga yaqin turar joyning markazlashgan issiqlik ta`minotini tiklash va ularni “yopiq tizim”ga o`tkazish, xususan, Buxoro va Chirchiq shaharlari bo`yicha tender savdolarini yakunlab, 2020 yilda foydalanishga topshirish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Shuningdek, kelgusi yili Andijon, Samarqand shaharlari va Sergeli tumani bo`yicha loyihalarni amalga oshirish, bunda Jahon bankining 140 million dollar kreditidan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Evropa taraqqiyot va tiklanish bankining 150 million dollar krediti hisobidan Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek va Mirobod tumanlarida issiqlik ta`minoti tarmog`ini modernizasiya qilish, Buxoro, Farg`ona, Quvasoy, Urganch va Nukus shaharlarida yangi texnologiyalarni joriy etish loyihasiga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining 780 million dollar kreditini jalb qilish vazifasi qo`yildi. Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar bankining 55 million dollar mablag`i evaziga Angren issiqlik stansiyasini modernizasiya qilish bo`yicha ham topshiriqlar berildi.

Tarmoqqa bozor mexanizmlarini keng joriy etish orqali sog`lom raqobat muhitini shakllantirish muhimligi ta`kidlandi. Buning uchun, avvalo, tariflar erkin bo`lishi lozim. Shu bois sohaning investisiyaviy jozibadorligini oshirish, kelgusi yildan Toshkent shahri issiqlik ta`minoti tizimiga davlat-xususiy sheriklik korxonalarini jalb etish choralari belgilandi.

Yo`qotishlarni bartaraf etish va me`yoridan ortiq iste`molni kamaytirish maqsadida issiqlik energiyasini hisobga olishning avtomatlashgan tizimini joriy etish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimiz aholisi 119 ta shahar va 11 mingdan ziyod qishloqlardagi qariyb 6 millionga yaqin hovli-joylarda istiqomat qiladi. Ularni kuz-qish mavsumida issiqlik bilan ta`minlash masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi. Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligiga faqat ko`p xonadonli uylar bilan chegaralanmasdan, barcha aholini issiqlik ta`minoti bilan qamrab olish, bu boradagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, faol investisiyalar jalb etish uchun Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish, issiqlik ta`minoti korxonalarini alohida aksiyadorlik jamiyatiga birlashtirish bo`yicha tavsiyalar berildi. Bu aksiyadorlik jamiyati ob`ektlarni ekspluatasiya qilish bilan birga, yangi loyihalarni shakllantirish, ularga xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablag`larini jalb etish bilan shug`ullanadi.

Yig`ilishda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard natijasi xalqimizni rozi qilish, odamlarning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish, ularning ishonchini oqlashdan iborat ekani alohida ta`kidlandi.

O`tgan davrda berilgan topshiriqlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar