Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko`magida “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi tomonidan ma`lum qilindi.
So`nggi paytlarda tibbiyot xodimlariga g`ayriqonuniy ravishda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tajovuz qilinishi holatlari tez-tez uchrayotganiga barchamiz guvoh bo`lyapmiz. Vazirlik bergan ma`lumotlarga ko`ra, 2018 yil va 2019 yilning o`tgan davri davomida 400 dan ortiq holatlarda shifokorlarga nisbatan zo`ravonlik qilinib, tan jarohatlari etkazilgan.
“Vaziyat shu darajaga borib etdiki, tibbiyot muassasalarida, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko`rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda-kunora uchrab turmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan bunday tajovuzlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo`llaniladi. Bunday jazo choralari hozirda qariyb har kuni sodir bo`ladigan hodisaga aylanib ulgurgan tajovuzlarning oldini olishda katta profilaktik ta`sir kuchga ega bo`ladi.
Zero, shifokor hech qachon bemorga yomon bo`lishini istab harakat qilmaydi, u hamisha insonga yaxshilik qilishga intiladi, ko`makka muhtoj bemorga shifo baxsh etish, favqulodda holatlarda inson hayoti va salomatligini asrash uchun bor kuch-salohiyatini baxsh etadi.
Shu bois, bunday fidoyi kasb sohiblariga, ularning halol mehnatiga nisbatan adolatsizlik va nohaqliklarning oldini olish, ular samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratish davlat va jamiyat zimmasidagi muhim vazifadir”, deya ta`kidlanadi vazirlik bergan ma`lumotda.






