AsosiyJamiyat

Deputat Tashqi ishlar vazirligini tanqid qildi

'Deputat Tashqi ishlar vazirligini tanqid qildi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherboev va Bekzod Ortiqov so`nggi paytlarda xorijda mehnat qilayotgan O`zbekiston fuqarolari bilan bog`liq noxush holatlar ko`payib borayotgani hamda bunday holatlarda tegishli diplomatik vakolatxona hamda konsulliklarimizning faoliyati talab darajasida emasligi haqida fikr bildirdi.

"So`nggi vaqtlarda Internet butunjahon axborot tarmoqlari orqali musofirchilikda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz bilan bog`liq turli noxush holatlar haqida eshitayapmiz.

Shunday holatlar qatorida Turkiya davlatida hayoti o`lim bilan yakun topgan yurtdoshimiz N.Qodirova bilan bog`liq vaziyatni keltirish mumkin. Mazkur masala ko`pchilik qatori biz uchun ham qayg`uli.

Bu holat yana bir bor chet ellarda vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni huquqiy qo`llab-quvvatlash tizimiga doir masalalarni kompleks tarzda qayta ko`rib chiqish zarurligini ko`rsatmoqda. Va afsuski bunda tegishli diplomatik vakolatxona hamda konsulliklarimizning faoliyati talab darajasida emasligini bildirib o`tmoqchimiz.

Chunki yosh fuqaromiz N.Qodirovaning masalasi bo`yicha turkiyalik faol jamoatchilik vakillari zarur qonuniy choralarni ko`rib, haqiqatni qaror toptirish talabini qo`yayotgan bir paytda, Tashqi ishlar vazirligi vaziyat elchixona nazoratida ekanligini bildirib o`tish bilan cheklandi xolos.

Biroq nazarimizda elchixona va konsullik xizmati avvalo vaziyatni inson o`limiga olib kelgunga qadar nazoratga olishi va shu vaqt ichida fuqarolarimizga zarur huquqiy yordam ko`rsatishi kerak edi. Chunki konsullik avvalo marhum emas, hayot fuqarolarimizga yaqindan ko`mak ko`rsatish uchun tashkil etilgan.

Biz Turkiya huquqni muxofaza qilish idoralari tomonidan bu holat bo`yicha tergov ishlari inson huquqlarini himoya qilishning oliy darajasida ko`rilib shaffof, adolatli va qonuniy olib borilishiga qattiq umid qilamiz.

Shu o`rinda tabiiy savol tug`iladi: nima uchun chet ellardagi elchixona va konsulliklarimiz fuqarolarimizni huquqiy himoya qilish, ularning sarsongarchiliklariga yo`l qo`ymaslik borasida haligacha “passiv”lik qilishmoqda? Chet ellardagi elchixona va konsulliklarimizda turli byurokratik qoidalar, navbatlar va ba`zan konsullarimizning inson taqdiriga befarq bo`lishi kabi holatlar haqida saylovchilardan ham ko`p bora eshitishga to`g`ri kelmoqda.

Vaholanki, “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi qonunning 8-moddasiga muvofiq chet elda O`zbekiston Respublikasining fuqarolari O`zbekiston Respublikasining himoyasi va homiyligidan foydalanadilar. Buni amalga oshirishda esa biz elchixonalarimiz va konsulliklarimizga suyanamiz.

Qolaversa, O`zbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga muvofiq konsullik faoliyati O`zbekiston Respublikasining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, O`zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonun hujjatlarida, O`zbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi bo`lgan xalqaro shartnomalarda berilgan barcha huquqlardan to`liq hajmda foydalanish imkoniyatiga ega bo`lishi uchun O`zbekiston Respublikasi tomonidan choralar ko`rish maqsadida amalga oshiriladi.

Shuningdek, yaqinda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mehnat migrantlari va ularning oila a`zolarini qo`llab-quvvatlash, mamlakat hududi va tashqarisida ham ishonchli ijtimoiy va huquqiy himoya kafolatlarini kuchaytirish bo`yicha alohida Farmoni qabul qilindi.

Turkiyadagi holat ko`pchilikka ma`lum bo`lgan birgina misol xolos. Afsuski boshqa mamlakatlardagi vaziyat ham havas qilarlik emas aslida.

O`zLiDeP tomonidan mehnat migrantlarini qo`llab-quvvatlash vazifasi saylovoldi platformasining ustuvor vazifalari qatorida belgilanayotgan bir vaqtda biz Turkiyadagi noxush holatdan kelib chiqib, Tashqi ishlar vazirligi chet ellardagi barcha elchixona va konusulliklarimiz tomonidan fuqarolarimizni huquqiy qo`llab-quvvatlash borasidagi sustkashliklari yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishi kerak, deb hisoblaymiz.

Shu bois, mazkur masala bo`yicha deputatlik so`rovi kiritib, tez kunlarda uning natijalari haqida jamoatchilikni xabardor qilishga qaror qildik"


    Boshqa yangiliklar