Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qishloq xo`jaligi vazirligining 15 oktyabr sanasini “Xalqaro qishloq ayollari kuni“ sifatida keng nishonlash to`g`risidagi taklifi ma`qullandi. Shu bilan birga, Hukumat tomonidan agrosanoat yo`nalishidagi vazirlik va idoralar, shu jumladan,“O`zdavkarantin“ inspeksiyasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga joriy yilning 15 oktabr kuni ushbu kunga bag`ishlangan mazmunli tadbirlar tashkil etish topshirilgan.
Ta`kidlash joizki, ushbu ish respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijalaridan biridir.
Ma`lumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabridagi 62/136-sonli yig`ilishida 15 oktyabr “Xalqaro qishloq ayollari kuni” deb rasman e`lon qilingan. Bugungi kunda dunyoning ko`plab davlatlarida mazkur sana xalqaro qishloq ayollari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.






