AsosiyJamiyat

IIV Malaka oshirish instituti Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali bilan hamkorlik qiladi

'IIV Malaka oshirish instituti Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali  bilan hamkorlik qiladi'ning rasmi

Bugun Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida ushbu ta`lim muassasasi bilan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o`rtasida o`zaro hamkorlik to`g`risida memorandum imzolandi.

Memorandumga ko`ra, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta`minlash sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning o`quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqishda, ta`lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini tatbiq etish, innovasion va texnologik g`oyalarni rivojlantirish, qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish bo`yicha yaqindan hamkorlik qilish belgilandi.

– Shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davr talablari barcha sohalarda, shu jumladan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o`zaro samarali hamkorlikni chuqurlashtirishni talab etmoqda. – deydi IIV Malaka oshirish instituti boshlig`i, yuridik fanlari doktori, professor Nuriddin Normatov.
– Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta`minlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu ta`lim muassasasi bilan o`rnatilayotgan hamkorlik yo`nalishlari keng qirralidir.

Jumladan, nazariy tayyorgarlikning huquqni qo`llash faoliyati bilan uzviy bog`liqligini ta`minlashga qaratilgan zamonaviy shakl va usullardan foydalanish, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini qo`llagan holda o`quv jarayonini samarali tashkil etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha faoliyatga uslubiy ko`maklashish kabi yo`nalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi.

– IIV Malaka oshirish instituti bilan hamkorlik biz uchun dolzarb ahamiyatga ega, – deydi Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali direktori, yuridik fanlar nomzodi Baxtiyor Abdullaev. – O`zaro hamkorlik memorandumiga asosan, o`qitishning zamonaviy innovasion shakl va usullari, o`quv jarayonini samarali tashkil etish bo`yicha o`zaro tajriba almashish, o`quv jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb qilish, normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega bo`lgan ma`lumotlarni almashish, professor-o`qituvchilarning malakasini oshirish, o`quv, ilmiy va boshqa adabiyotlarni almashish, qonunchilikni takomillashtirish va yagona huquqni qo`llash amaliyotini ta`minlash bo`yicha hamkorlikda ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish kabilar amalga oshiriladi.

Mazkur ta`lim muassasalarining o`zaro hamkorligi mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta`minlash sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish samaradorligini yanada oshirishga, ularning zamonaviy talablar asosida kasbiy ko`nikmalari va layoqatlarini rivojlantirib borishga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.

Ta`lim muassasalari rahbarlari kelgusida memorandumda belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar