1 oktyabrda Moskvada o`zbek kinosi kunlarining tantanali ochilishi bo`lib o`tdi. Tantanali marosimda RF madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy, prezidentning maxsus vakili Mixail Shvidkoy, «O`zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxolikov va O`zbekistonning RFdagi elchisi Botirjon Asadov ishtirok etdi.
Tadbirning ahamiyatli jihati shu bo`ldiki, Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy hamkorlikda olinadigan filmlar haqida alohida to`xtaldi.
“Sifatli filmlarni, albatta, birgalikda tasvirga olish kerak”, – dedi u o`z so`zida.
“O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o`zbek kinematografiyasi oldiga jahon miqyosidagi kino mahsulotlarini, shu jumladan bugungi kundagi haqqoniy hayotiylik hamda tariximizning shavkatli sahifalarini o`zida aks ettiruvchi kino asarlarni yaratish vazifasini qo`ydi, – dedi tadbirning ochilish marosimida Firdavs Abduxoliqov. – Bu maqsadlar ijobatini biz xorijiy davlatlardagi hamkorlarimiz ishtirokisiz tasavvur qilolmaymiz va shu sababdan Rossiya kinematografiyasi bilan strategik hamkorlik biz uchun muhim ahamiyatga ega”.
“O`zbekkino” Milliy agentligi Rossiyaning beshta kinokompaniyasi – «STV», «Mars Media», MEGOGO, «Vega» i «Inferno» bilan memorandum imzoladi. Shu asosda o`zbek va rossiyalik kinematografiya ijodkorlari hamkorlikda Toshkent zilzilasi voqealari haqida hikoya qiluvchi “Toshkent-66” nomli, shuningdek “Xo`ja Nasriddin”, “Farishtaning tuhfasi”, va “Baron-2” nomli filmlarni tasvirga olishni ko`zda tutishmoqda.
O`z navbatida RF madaniyat vazirining o`rinbosari Pavel Stepanov Rossiya madaniyat vazirligi bu loyihalarni qo`llab-quvvatlashi va yangi filmlarni tasvirga olish faoliyatiga har tomonlama ko`mak berishini ta`kidladi.
Rossiyada O`zbek kinosi kunlari ochilishi arafasida o`zbek kinematografiyachilari delegasiyasi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) va “Mosfilm” studiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o`tkazdi. Uchrashuv davomida o`zbekistonlik mutaxassislarni Butunrossiya davlat kinematografiya instituti qoshidagi qisqa muddatli kurslarda o`qitish bo`yicha kelishuvga erishildi. “Mosfilm” pavilonlarida kino mahsulotlarini hamkorlikda yaratish va amaliy mashg`ulotlarni o`tkazish haqida ham so`z bordi.
“Mosfilm” direktori Karen Shaxnazarov “O`zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqovning “O`zbekfilm” va “Mosfilm” o`rtasidagi hamkorlik faoliyatini tiklash borasidagi taklifini qo`llab-quvvatladi.
“Men o`ylaymanki, kelgusida O`zbekiston kinematografiya sohasida etakchi mamlakatlar qatoridan joy olishi mumkin. Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Faqatgina kuchli studiyalarni tashkil qilish va malakali kadrlarni tarbiyalash zarur”, – dedi Shaxnazarov.
Ayni paytda Rossiyada O`zbekiston kunlari davom etmoqda.
Bugun O`zbekiston delegasiyasi Rossiyaning “Gosfilmofond” arxivida saqlanayotgan o`zbek filmlarini respublikaga qaytarish masalasida muzokara olib boradi.






