Joriy yil 1 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qozog`iston Respublikasining “Tajen” chegara bojxona postidan Qoraqalpog`iston Respublikasi “Daut-ota” chegara bojxona postiga kirishda 40 ta “fura” tirbandlik sababli navbatda turganligi to`g`risida xabarlar tarqatildi.
Ushbu xabarlar bo`yicha Davlat bojxona qo`mitasi quyidagilarni ma`lum qiladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ata” chegara bojxona posti tomonidan tirbandliklarni oldini olish maqsadida, sentyabr oyining so`nggi kunlarida respublikamizga kirish yo`nalishida harakatlanuvchi yuk avtotransport vositalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi barcha kuch va vositalar safarbar qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Bojxona chegarasi orqali harakatlangan avtotransport vositalari soni tahlil qilinganda, sentyabr oyi yakuni bo`yicha ularning harakati o`tgan davrga nisbatan keskin oshganligi kuzatildi.
Bugungi kunda respublikamizning chegara bojxona postlari orqali kuniga o`rtacha 130 ming fuqaro, 6 000 taga yaqin avtotransport vositalari harakatlanayotgan bo`lib, shundan 2 300 tasi yuk avtotransport vositalari, 3 700 tasi esa engil avtotransport va avtobuslarni tashkil etadi.
Birgina, “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali sentyabr oyi boshida har kuni o`rta hisobda 150 ta yuk avtotransport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazilgan bo`lsa, 26-30 sentyabr kunlari davomida har kuni o`rta hisobda 230 ta yuk avtotransport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazilgan.
O`z o`rnida, ta`kidlab o`tishimiz lozimki, bojxona posti orqali o`tish uchun kelgan avtotransport vositalari zamonaviy nazorat-texnik vositalardan samarali foydalangan holda tezkorlik bilan, hech bir moneliksiz va sun`iy to`siqlarsiz bojxona nazoratidan o`tkazilmoqda.
Ta`kidlash joizki, chegara bojxona postlarida avtotransport vositlari tirbandligi holatlarini oldini olish maqsadida bojxona organlari tomonidan barcha zarur choralar ko`rilmoqda. Bu masalada qo`shni davlatlar bojxona xizmatlari bilan ham hamkorlikda ishlar tashkillashtirilgan.
Aytishimiz mumkinki, sutka davomida harakatlangan avtotransport vositalari bo`yicha ma`lumotlar internet tarmog`idagi Davlat bojxona qo`mitasining www.bojxona.uz rasmiy saytiga real vaqt rejimida joylashtirib borilmoqda.
Davlat bojxona qo`mitasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy xabarlarni e`lon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan o`zaro hamkorlikka tayyor ekanligini ma`lum qiladi.






