AsosiySiyosat

O`zbekistonda oliy ta`lim kengashi tashkil etiladi

'O`zbekistonda oliy ta`lim kengashi tashkil etiladi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta`lim kengashini tashkil etish to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining oliy ta`lim tizimida xalqarolashuvni kengaytirish, ta`lim sifati va mazmundorligini oshirish hamda korrupsion harakatlarga chek qo`yish va uning shaffoflik, xolislik va ob`ektivligini ta`minlash maqsadida Respublika oliy ta`lim kengashini tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

oliy ta`lim tizimini rivojlantirish bo`yicha keng jamoatchilik fikrini o`rganish va strategik vazifalarni aniqlash, oliy ta`lim tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish va ta`limda uzviylikni ta`minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;

ta`lim sifatini oshirish, ta`lim tizimidagi shaffoflik, xolislik va ob`ektivlikni ta`minlash, korrupsion harakatlarga chek qo`yish hamda ularning echimiga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha takliflar kiritib borish;

oliy ta`lim tizimini bilimli, adolatli ilmiy-pedagogik kadrlar bilan ta`minlash yo`nalishlarini belgilash bo`yicha takliflar kiritib borish;

ish beruvchilarning hududiy joylashuvi hamda hududlarning strategik rivojlanish istiqbollariga asosan kadrlarga bo`lgan real ehtiyojni o`rganish, istiqbolli bakalavriat ta`lim yo`nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo`yicha kadrlar tayyorlash yuzasidan takliflar tayyorlash;

rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg`or tajribalarini o`rganish va oliy ta`lim tizimiga joriy etish bo`yicha takliflar ishlab chiqish;

xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy ta`lim muassasalarida ta`lim olgan va tadqiqot ishlarini olib borayotgan vatandoshlar bilan oliy ta`lim muassasalarining hamkorligini tashkil etish;

oliy ta`lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting ko`rsatkichlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish va ularning yillik o`sish dinamikasini ta`minlash bo`yicha tashkiliy masalalarda ko`maklashish;

oliy ta`lim muassasalarining moddiy-texnik va laboratoriya bazasini mustahkamlash, ishlab chiqarishdagi muammolarni o`rganish, echimi bo`yicha tavsiyalar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqot natijalarini xalqaro jurnallarda nashr qilish orqali oliy ta`limning nufuzini oshirishga ko`maklashish;

oliy ta`lim muassasalarining talabalari va ilmiy-pedagog kadrlarining akademik almashinuviga yordam ko`rsatish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlari bo`yicha oliy ta`lim muassasalarining integrasiyasini rivojlantirish;

oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari, xodimlari, doktorantlari, talaba va magistrantlarining ijtimoiy turmush tarzini yaxshilash, moddiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha takliflar berish;

oliy ta`lim muassasalarining faoliyati, vazifalari va funksiyalari bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

ta`lim sifati va ta`lim oluvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan oliy ta`lim muassasasi faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sosiologik so`rovlar o`tkazish, shu jumladan, ularni axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda o`tkazish bo`yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

oliy ta`lim muassasalari faoliyati bo`yicha fuqarolar bilan o`tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

Belgilanishicha, Kengash yuridik maqomga ega bo`lgan nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi.

Quyidagilar Kengash faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Oliy ta`lim muassasalarini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari;

tizimida oliy ta`lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralarning mablag`lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Boshqa yangiliklar