AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 1 oktyabrdan nimalar o`zgaradi?

'O`zbekistonda 1 oktyabrdan nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

Mamlakatimizda 2019 yil 1 oktyabrdan bir qator yangiliklar kuchga kiradi. Ularning orasida QQS stavkasining pasaytirilishi, QQS bo`yicha qator imtiyozlar, yaqin qarindoshlar o`rtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish to`g`risidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlashni bekor qilish va boshqalar o`rin olgan. Quyida shular bilan tanishtirib o`tamiz.

“O`zavtosanoat” trade-in dasturini ishga tushiradi

Ushbu dastur doirasida avtomobil egasi o`z avtoulovini qo`shimcha haq to`lab yangisiga almashtirib olishi mumkin. Kompaniya agar dilerlik markazida tanlangan avtomobil bo`lsa, mijoz bir necha soat ichida uning egasiga aylanishi mumkin.

QQS stavkasi kamayadi

Joriy yilning 1 oktyabridan qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi (QQS) amaldagi 20 foizdan 15 foizga pasaytiriladi.

Bu davlat rahbarining “O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbilari to`g`risida”gi Farmonida belgilab berildi.

Shuningdek, soliq xizmati organlari tomonidan soliq to`lovchining tijorat banklaridagi hisobvaraqlar bo`yicha operasiyalarini to`xtatib turish bo`yicha amaldagi tartib bekor qilindi.

Bundan tashqari, Farmonga ko`ra 2020 yilgi Davlat byudjeti loyihasi tayyorlanishida:

- davlat korxonalari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo`lgan yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy to`lov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish;

- divident shaklida to`lanadigan daromadlarga soliq stavkasini saqlab qolgan holda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`i stavkasini 15 foiz miqdorida belgilash;

- qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblash va to`lashning soddalashtirilgan tartibini bekor qilish nazarda tutiladi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab ilgari Moliya vazirligining byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga o`tkazib kelingan yagona soliq to`lovi summasi Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetiga o`tkaziladi.

Yaqin qarindoshlar o`rtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish to`g`risidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinadi

2019 yil 1 oktyabrdan — transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha sug`urta polisida ko`rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) o`rtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish to`g`risidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi. Bu davlat rahbarining “O`zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonida ko`rsatib o`tilgan(http://lex.uz/ru/docs/4506606).

Shu sanadan boshlab yaqin qarindoshlarni avtomobilning sug`urta polisida ko`rsatib o`tishning o`zi kifoya.

Alkogol va tamaki mahsulotlari uchun aksiz oshiriladi

“Aksiz solig`iga tortiladigan ayrim mahsulot turlarini ishlab chiqarish va realizasiya qilishni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan alkogolli mahsulotning aksiz solig`i stavkasi o`rta hisobda 10 foizga, tamaki mahsulotining aksiz solig`i stavkasi 20 foizga oshiriladi.

Barcha “avtozapravka”lar va importchilar QQS to`lovchisiga aylanadi

Davlat rahbarining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:

a) benzin, dizel yoqilg`isi va gazni yoqilg`i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste`molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat`iy nazar qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari hisoblanadi;

b) tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub`ektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat`iy nazar qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari hisoblanadilar. Bunda, tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub`ektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchisi sifatida hisobga turishi shart;

QQS bo`yicha qator imtiyozlar bekor qilinadi

Yuqoridagi Farmonga binoan, quyidagilar bo`yicha qo`shilgan qiymat solig`idan, shu jumladan import qilinganda ham, imtiyozlar bekor qilinadi:

asbest, ko`mir, yog`och materiallari, yog`och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;

soya danagi, kungaboqar va kunjut urug`lari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;

qishloq xo`jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar.

Bu ushbu tovarlar narxi oshishiga olib kelishi mumkin. Xususan, Xalqaro press-klub tomonidan shu yil iyul oyida ushbu Farmon muhokamasiga bag`ishlab o`tkazilgan sessiyada “Angren shakar” zavodi vakili o`zlari ishlab chiqarayotgan mahsulot tannarxi oshishi mumkinligini tan olgandi()

O`z navbatida yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag`laridan foiz ko`rinishida olingan to`lov manbaini foyda solig`idan ozod qilish bo`yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Qolaversa, qo`shilgan qiymat solig`ining to`laqonli zanjirini yaratish va barcha xo`jalik yurituvchi sub`ektlar uchun teng sharoitlarni ta`minlash maqsadida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o`zi ishlab chiqargan qishloq xo`jaligi mahsulotlariga va O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo`shilgan qiymat solig`i bo`yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

UzAuto Motors ham QQS to`lashga o`tsa-da, amaldagi narxlarni saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini ma`lum qilgandi.

Birinchi yutuqli chek o`yini yo`lga qo`yiladi

O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi va Moliya vazirligining 2019 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o`tgan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli o`yinlarni tashkil qilish bo`yicha tajriba o`tkaziladi. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yil 1 noyabrga qadar yutuqli o`yinlar tashkil etish uchun Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan bir milliard so`m miqdorida mablag` ajratiladi. Bu davlat rahbarining “Savdo va xizmat ko`rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonida ko`rsatib o`tilgan.

3 foiz miqdoridagi yig`im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to`lanadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan 2019 yilning 1 oktyabridan e`tiboran yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun Respublika yo`l jamg`armasiga amalga oshiriladigan 3 foiz miqdoridagi yig`im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to`lanadi(http://xs.uz/uzkr/post/avtomobil-narkhlari-bir-turdagi-tolov-hisobga-olinmaganda-ozgarishsiz-qoldirildi)

Mahalla raislari maoshi oshadi

Davlat rahbarining “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonida (http://xs.uz/uzkr/post/aholi-muammolari-bilan-ishlashda-mahalla-institutining-mavqeini-tubdan-oshirish-chora-tadbirlari-togrisida) fuqarolar yig`inlari raislari va mas`ul kotiblari oylik ish haqi fondini joriy yilda bosqichma-bosqich 1,5 baravarga oshirish belgilab qo`yildi. Unga ko`ra, ushbu xodimlarning oylik ish haqi joriy yil 1 maydan 1,25 baravarga va 1 oktyabrdan 1,2 baravarga oshirilishi ko`rsatib o`tilgan.

“Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risida”gi Qonun kuchga kiradi

“Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risida”gi Qonun kuchga kiradi(http://xs.uz/uzkr/post/shakhsga-doir-malumotlar-togrisida).

Go`shtga QQS bo`yicha imtiyoz tugaydi

2019 yil 1 oktyabrgacha bo`lgan muddatda import qilingan go`sht (mol, qo`y, tovuq), shuningdek, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) hamda ularning so`yish mahsulotlari ham qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilindi. Bu hukumatning O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan realizasiya qilish oborotlari qo`shilgan qiymat solig`idan ozod etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro`yxatiga (http://lex.uz/docs/4135021#4137029) o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqidagi qarorida ko`rsatib o`tilgan edi.

1 oktyabrdan ushbu muddat o`z nihoyasiga etadi.

Sement importi uchun QQS imtiyozi muddati tugaydi

Bu qurilish materiallari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va bozorda teng raqobat sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshiriladi. Imtiyoz sement klinkeriga nisbatan saqlanib qolinadi. Ammo u ham yil oxirida tugaydi.

Norma.uz ham bojxona imtiyozi tatbiq etiladigan tovarlar ro`yxatidan 2019 yil 1 oktyabrdan sement chiqarib tashlanishi, biroq ushbu pozisiyada imtiyozlar sement klinkeriga nisbatan saqlanib qolishi haqida yozgan(https://www.norma.uz/qonunchilikda_yangi/cement_buyicha_bojhona_imtiezi_1_oktyabrdan_bekor_qilinadi).

Shaxsga doir ma`lumotlarni manipulyasiya qilish uchun jarimalar kuchga kiradi

Davlat rahbari tomonidan shu yil 8 iyulda “Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi Qonun” imzolandi.

Kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq, shaxsga doir ma`lumotlarni qonunga xilof ravishda yig`ish, tizimlashtirish, saqlash, o`zgartirish, to`ldirish, foydalanish, berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo`q qilish:

- fuqarolarga eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan (608 ming 190 so`mdan) 5 baravarigacha (1 mln 13 ming 650 so`mgacha);

- mansabdor shaxslarga 5 baravaridan (1 mln 13 ming 650 so`mdan) 10 baravarigacha (2 mln 27 ming 300 so`mgacha) jarima solishga sabab bo`ladi.

Mazkur huquqbuzarlik ma`muriy jazo qo`llanilganidan so`ng sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha (10 mln 136 ming 500 so`mgacha) jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur javobgarlik choralari 2019 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi.

Qonun bilan Milliy gvardiya organlari ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`ruvchi hamda surishtiruv organlari qatoriga kiritilgan.

Otkyabrdagi boshqa o`zgarishlar - kafelar tunu kun ishlaydi, "propiska"siz kreditlar

Hukumatning tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko`ngilochar ob`ektlarda jamoat xavfsizligini ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi qaroriga muvofiq, 2019 yil 15 oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va ko`ngilochar ob`ektlar quyidagi talablar bajarilganda tunu kun faoliyat yuritishi mumkin:

-ko`rsatilgan ob`ektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat ko`rsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida o`ttiz kun davomida saqlash imkoni bo`lgan videokuzatuv tizimini o`rnatish;

- binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va boshqa tegishli hududni etarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;

- binoda shovqin me`yorlariga qo`yilgan talablarga amal qilish yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asboblardan foydalanmaslik;

- yong`in o`chirish vositalari va tibbiy yordam qutichalari bilan ta`minlash;

- hamma uchun ko`rinarli joylarga evakuasiya chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari haqida ma`lumotlar o`rnatish.

16 oktyabrdan jismoniy shaxslar istalgan bankdan kredit olishi mumkin. Bunda “propiska“ning ahamiyati yo`q.

“Banklar iste`molchilari bilan o`zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo`yiladigan minimal talablar to`g`risidagi nizomga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarga ko`ra, 2019 yil 16 oktyabrdan iste`molchi-jismoniy shaxs yashash joyidan qat`iy nazar o`zi tanlagan bankka kredit olish uchun murojaat etishga haqli bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar