AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoyev: Elimiz vatanparvar avlod bilan haqli ravishda faxrlanadi

'Shavkat Mirziyoyev: Elimiz vatanparvar avlod bilan haqli ravishda faxrlanadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 27 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Rossiya Federasiyasining Ekaterinburg shahrida bo`lib o`tgan boks bo`yicha jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylar faxriy unvonlar va medallar bilan taqdirlangan edi.

30 sentyabr kuni Ko`ksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo`ldi. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federasiyalari rahbarlari, bokschilarning ota-onalari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda yoshlar kamoloti, sport rivoji uchun puxta zamin yaratilgan. 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Joylarda yangi sport ob`ektlari ishga tushirilib, yoshlar sog`lom turmush tarziga faol jalb etilmoqda. Professional sportchilarning mashg`ulotlar o`tkazishi, mahoratini muntazam oshirib borishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Joriy yilning 4 sentyabr kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar belgilangan edi.

O`tgan qisqa vaqtda mamlakatimiz vakillari bir nechta turnirlarda ishtirok etib, ulkan yutuqlarni qo`lga kiritdi. Xususan, 14-22 sentyabr kunlari Qozog`iston poytaxti Nur-Sulton shahrida bo`lib o`tgan yunon-rum kurashi bo`yicha jahon chempionatida O`zbekiston terma jamoasi 4 ta medal bilan 2-o`rinni egalladi. E`tiborlisi, sovrindor sportchilarimiz 2020 yilgi Tokio Olimpiadasiga ham yo`llanma oldi.

20-25 sentyabr kunlari Toshkentda dzyudo bo`yicha xalqaro Gran-pri turniri yuqori saviyada o`tkazildi. Unda 71 mamlakat sportchilari 14 ta vazn toifasida qatnashdi. Yurtimiz terma jamoasi jami 6 ta medal bilan 2-o`ringa sazovor bo`ldi.

6-22 sentyabr kunlari Ekaterinburg shahrida bo`lib o`tgan boks bo`yicha jahon chempionati sportchilarimiz uchun yanada muvaffaqiyatli bo`ldi. Saksonga yaqin mamlakatdan eng kuchli charm qo`lqop ustalari ishtirok etgan g`oyat keskin bellashuvda terma jamoamiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo`lga kiritdi. AQSh, Kuba, Rossiya, Qozog`iston, Angliya, Hindiston kabi boks bo`yicha etakchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib, umumjamoa hisobida 1-o`rinni egalladi. Jamoa sardori Bahodir Jalolov chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” deb topildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz sportchilarini, ularning ustoz va murabbiylarini, butun xalqimizni boks bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy g`alabasi bilan samimiy muborakbod etdi.

– Jahon chempionatida yuksak mardlik va matonat ko`rsatib, yurtimizga shunday buyuk g`alabani olib kelganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. O`sha kunlari keksayu yosh – butun xalqimiz sizlarga zafar tilab, katta hayajon va qiziqish bilan o`z nigohini Ekaterinburg arenasiga qaratdi. Elimiz ana shu ulkan ishonchni oqlagan sizdek jasur, vatanparvar avlod bilan haqli ravishda faxrlanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu yutuqlar nafaqat jismoniy, balki ruhiy va ma`naviy kuch natijasi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi buyuk ajdodlarimizga munosib o`g`lonlargina bunday zafarlarga qodir ekani ta`kidlandi.

Prezidentimiz shunday bahodir yigitlarni tarbiyalab, voyaga etkazgan mehribon ota-onalar, jonkuyar ustoz va murabbiylarga tashakkur aytdi.

Ma`lumki, bokschilarimiz 2016 yil Rio-de-janeyroda bo`lib o`tgan Olimpiya o`yinlarida ham umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallagan edi. Jahon chempionatidagi natijalar bunday yutuqlar tasodifiy emasligini, yurtimiz tom ma`noda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

– Bu g`alaba “O`zbekiston boks maktabi”, “O`zbekiston bokschilari” degan so`zlarni jahon sporti tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qo`ydi. Endi O`zbekiston bokschilarini, o`zbek boks maktabini tan olgan ham tan oladi, tan olmagan ham tan oladi. Endi “O`zbekiston”, “o`zbekistonlik” desa, manaman degan bokschilar ham o`ylab ringga tushadigan bo`ladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari g`olib va sovrindor bo`lgan bokschilarni, ularning murabbiylarini nomma-nom tilga olib, ularni qutladi. Bugungi natijalar kelgusi yil Tokioda o`tadigan Olimpiya o`yinlari uchun mustahkam poydevor yaratganini, bu nufuzli musobaqaga ko`proq lisenziya olish va puxta tayyorgarlik ko`rish zarurligini ta`kidladi.

Prezidentimiz bokschilar va ularning murabbiylariga davlatimizning yuksak mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

– Hamma qilayotgan ishlarimizdan maqsad - xalqimizni rozi qilish, yoshlarimizni barkamol etib tarbiyalash. Sizlarning g`alabangiz har bir sohada adolat bo`lsa, uzoq-uzoq qishloqlardagi iste`dodlar ham o`z o`rnini topsa, albatta natija bo`lishidan yana bir dalolat. Bu barcha yoshlarimizni marrani baland olib, o`z ustida ishlashga, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishga ruhlantiradi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Bokschilar, ularning onalari va ustozlari sportni rivojlantirishga yuksak e`tibori, sportchi va murabbiylarga rag`bati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

    Boshqa yangiliklar