“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Mirzo Ulug`bek tumanidagi 71-umumta`lim maktabida “Elektr energiya tejamkorligi – bolalar nigohida” mavzusida uchrashuv o`tkazdi.
Ma`naviyat darslari asosida o`tkazilgan bu uchrashuvdan maqsad, o`sib kelayotgan yosh avlod ongida elektr energiyaga bo`lgan munosabatni shakllantirish hamda tejamkorlik g`oyalarini keng targ`ib qilishdir.
Dars jarayonida o`quvchilarga elektr ishlab chiqarish ne chog`li mashshaqqatli ish ekanligi, uning ortida qanchadan-qancha insonlarning mehnati turgani, elektr bir vaqtning o`zida ishlab chiqarilib, iste`mol qilingani bois uni zahiraga yig`ish imkoni yo`qligi haqida so`zlab berildi. Albatta, undan tejamkorlik bilan oqilona foydalanishning oddiy usullar borasida ham maslahatlar berib o`tildi. Zero, o`quvchilarda tejamkorlik tushunchalarini shakllantirish orqali, ularning ongida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo`lish, er, er osti boyliklari, suv hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligini anglashni o`rgatish mumkin. Yo`qsa, elektr ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul.

Birgina telefon quvvatlagichini olaylik. U tokka ulangan holda kunu tun qolsa, o`rtacha bir oyda 1,5 kVt.soat, yiliga 18 kVt.soat energiya sarflaydi. Mutaxassislarimizning elektr energiya tejamkorligini ta`minlash maqsadida o`tkazgan o`rganishlaridan ma`lum bo`lishicha, hozirda yurtimizdagi har bir xonadonda bir yilda o`rtacha 400 kVt.soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati mavjud. Bu ko`rsatkich yurtimiz bo`yicha 1,8 milliard kVt. soatga aylanadi.

Taqqoslaydigan bo`lsak, ushbu tejalgan energiya bilan aholisi o`rtacha bo`lgan bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan ta`minlash mumkin.
Ko`rinib turibdiki, xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoati va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini ta`minlash ustuvor vazifa bo`lib qolmoqda.






