Toshkentda «Tez yordam» shifokorlariga qilingan tajovuzga qonuniy chora ko`rilmoqda, deb xabar bermoqda IIBB matbuot xizmati.
25 sentyabr kuni Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi A.A. qo`shnisining ahvoli og`irlashgani haqida bilganidan so`ng tez yordam chaqirgan. Tez yordam brigadasi aytilgan manzilga soat 22:18 da etib borgan.
Shifokor Q.S. va feldsher M.O. bemorni ko`rikdan o`tkazganlarida u vafot etgani ma`lum bo`lgan. Biroq bemorning yaqinlari shifokorlardan unga reanimasiya yordamini ko`rsatishni talab qilishgan. Shifokorlar ularga bu foydasiz ekanini tushuntirishiga qaramasdan, bemorning yaqinlari tibbiyot xodimlariga tahdid qilib, tan jarohati etkazgan. Natijada M.O. tan jarohati olib, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga borgan va u erda feldsherga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan.
Shundan so`ng ushbu holat bo`yicha voqea joyiga Toshkent shahar Shayxontohur tuman prokuraturasi tergovchisi va tergov tezkor guruhi etib kelgan.Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyi ko`zdan kechirilib, shu kunning o`zida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy amaliy markazi Toshkent shahar filiali Yashnobod tuman punkti tanatalogiya bo`limining 26 sentyabr kunidagi xulosasiga ko`ra, A.A.ning o`limiga o`tkir nafas va yurak qon tomir etishmovchiligi, bosh miya va o`pkalar shishi hamda noma`lum etiologiyali zaharlanish sabab bo`lganligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat bo`yicha to`plangan hujjatlar Toshkent shahar Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan ko`rib chiqilmoqda.






