Ma`lumki, mamlakatimizda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga alohida e`tibor qaratilib, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiy e`tibor, ish o`rinlarini ko`paytirib, aholi bandligini ta`minlash maqsadida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot turlarini kengaytirish, aholining iste`mol tovarlariga bo`lgan talablarni to`liq qondirilishiga qaratilmoqda.
Shu bilan birga, respublikamizda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo`yicha yagona tizim yaratish, tarmoq va hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirishga e`tibor qaratilayotganini ta`kidlash joiz. Ishlab chiqarish quvvatlaridan to`liq va samarali foydalanish orqali butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallarni ishlab chiqarishni o`zlashtirish hamda sanoatda kooperasiya aloqalarini kengaytirish va import hajmini optimallashtirish asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24 avgustdagi «Davlat va xo`jalik boshqaruvi xamda mahalliy ijroya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperasiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo`yicha mas`uliyatini yanada oshirish to`g`risida»gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hokim yordamchisi rahbarligida mahalliylashtirish va sanoatda kooperasiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo`yicha doimiy asosda faoliyat ko`rsatuvchi ishchi guruh tashkil etilib, qaror talablari bilan aniq vazifalar belgilab berilgan.
Ishchi guruh a`zolari poytaxtimizdagi bir qator tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida bo`lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur qaror bilan Ishchi guruh a`zolarini doimiy faoliyat yuritishini ta`minlash, har bir davlat idorasining funksional vazifalarini aniq tasdiqlab berish va ijrosini nazorat qilish chora-tadbirlari belgilab berilgan. Ishchi guruh tomonidan doimiy tartibda mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish va importni optimallashtirish bo`yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, nazoratni kuchaytirish va amaldagi qonunchilikka tegishli o`zgartirishlar, qo`shimchalar kiritish bo`yicha takliflar kiritib borilishi asosiy vazifa etib belgilangan.
Toshkent shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Bojxona boshqarmasi rahbarlaridan iborat Ishchi guruh a`zolari dastlab, “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo`lishdi. U erda bojxona xodimlari va tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ishbilarmonlar ishtirokida sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish ko`lamini oshirish va kengaytirish masalalariga bag`ishlangan davra suhbati tashkil etildi hamda ularning fikrlari tinglandi.
“Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga tashrif chog`ida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xom-ashyo va materiallarning yangi turlarini o`zlashtirishga qaratilgan ishlar tahlil qilinib, bu borada uchrayotgan ayrim muammolar atroflicha o`rganildi.
Mamlakatimizda faol investisiya siyosati yuritilayotgani, tashqi savdo va valyuta operasiyalari erkinlashtirilgani natijasida sog`lom raqobat muhiti, haqiqiy bozor iqtisodiyoti shakllanayotgani qayd etildi.
“Highway Logistics Center” transport logistika kompleksihududida joylashgan “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postidagi uchrashuv chog`ida bugungi kundagi dolzarb masalalarga alohida e`tibor qaratildi. Bu borada eksportbop va import o`rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qo`shilgan qiymat yaratishga yo`naltirilgan sanoat siyosatini yuritish zarurligi ta`kidlandi.
“Sergeli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo`lgan Ishchi guruhi a`zolari mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish ko`lamini kengaytirish masalasiga to`xtalib o`tishdi.
Ma`lumki, “Sergeli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti “UZTEX TASHKENT” qo`shma korxonasi ma`muriy binosida joylashgan. Ishchi guruh a`olari bu erda korxona faoliyati bilan ham tanishib, sanoat tarmoqlarida kooperasiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo`yicha bir qator taklif va mulohazalarni bildirib o`tishdi.
Amalga oshirilayotgan ishlardan ko`zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo`shish, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishdan iborat.






