AsosiyJamiyat

“Tog` sharpasi” o`quv mashg`ulotlari yuqori saviyada o`tmoqda

'“Tog` sharpasi” o`quv mashg`ulotlari yuqori saviyada o`tmoqda'ning rasmi

Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog` tayyorgarligi o`quv-mashqlar markazida kechayotgan “Tog` sharpasi” o`quv kurslari mobaynida sara harbiy xizmatchilar malakali mutaxassislar etakchiligida jismoniy-taktik imkoniyatlarini oshirmoqda.

Kunduzgi va tungi otish, razvedka va aloqa, hududga muvofiq niqoblanish, shartli bemorni favqulodda evakuasiya qilish, pistirmadan hujum, shartli dushmanni qurshab olish, daryodan kechuv, jarlik va daralar aro kanat orqali xavfsiz o`tish yo`li hozirlash, shuningdek tog` anjomlaridan bexato istifoda etish kabi o`nlab murakkab jangovar vazifalarni guruh va yakka tartibda ado etayotgan “tog` o`g`lonlari” yilning to`rt faslida – har qanday vaziyatda o`zlarining jangovar shayligini yuksaltirmoqda.

“Tog` sharpalari”dan topografiya, taktika, tibbiy tayyorgarlik kabi muhim harbiy fanlarni puxta bilish barobarida tog` ilmidan boxabarlik: jangovar sharoitlarda tabiat va nabodotning nozik unsurlaridan ustamonlik bilan foydalanish singari tajribalarni ham muvaffaqiyatli o`zlashtirish talab etiladigan o`quv-mashg`ulotlar yuqori saviyada olib borildi.

– Aksariyat harbiy xizmatchilar ushbu o`quv mashg`ulotlarida ilk bor qatnashayotganiga qaramay, yaxshi natijalarga erishmoqdalar, kundan-kunga tajribalari oshyapti, – deydi kapitan Farrux Toshev. – Ayni damda “Ko`ksuv” darasidan kanat orqali shartli yaradorni olib o`tish, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda tungi va kunduzgi otish mashg`ulotlari samarali ravishda amalga oshirildi.

“Tog` sharpasi” o`quv kurslarida a`lo baho olgan harbiy xizmatchilar qishki o`quv-mashg`ulotlariga jalb etiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti


Boshqa yangiliklar