Taniqli noshir va jurnalist Alisher Nazar Facebook’dagi sahifasiga «o`ladi»ga chiqarilib uyiga qaytarib yuborilgan chaqaloq haqida post qoldirdi.
"O`tgan hafta ukam og`zi qulog`ida Samarqanddan telefon qildi: qiz farzand ko`ribdi. Qo`shilib quvondik. Ertasi kuni xafa bo`lib telefon qildi: chaqaloq yurak porogi bilan tug`ilganmish... Sabr tiladik. Keyingi kuni vahima bilan telefon qildi: chaqaloq jonlantirish bo`limida emish. Xudoga iltijo qildik. To`rtinchi kuni yig`lab telefon qildi: ‘aka, taqdir ekan, uzildi" deyilgan postda.
Ma`lum bo`lishicha, shifokorlar chaqaloq "uzog`i bilan bir soatda o`lishi"ni aytib, uni uyiga qaytarib yuborgan. Chaqaloq otasidan esa "bolamni og`ir ahvolda o`z xohishim bilan olib chiqib ketyapman", deb tilxat yozdirib olingan.
Yurak porogi bilan tug`ildi degan chaqaloq 4 kun shifoxonada bo`lgan. Biror marta onasiga ko`rsatilmagan, emizilmagan. To`rtinchi kuni "baribir o`ladi" deb, ota-onasining qo`liga tutqazilib, uyga javob berib yuborilgan. Bola yarim yo`lda "uzilgan"dek bo`lgan. Otasi yig`lab hammaga telefon qilib chiqqan. Ular uyga borguncha domla chaqirilgan, 2—3 kishi qabr qazishga kirishgan. Chaqaloqni ko`mishga tayyorlayotganda kimdir bilinar-bilinmas tamshanganini ko`rib qolgan. Shundan keyin chaqaloqning buvisi (85 yosh) tashabbusni qo`lga olgan va o`zining uslubida chaqaloqni "silkilab", "tiriltirib" olgan.
Ta`kidlanishicha, bola och qolib ketgan. Shifokorlar chaqaloqning tomiriga ukol qilib, hatto ignasini ham olmagan.
"Keyingi paytlarda do`xtirlarning kaltaklanayotganini eshitib hayron bo`lgandim. Endi hammasi tushunarli! Darvoqe, chaqaloqning qulog`iga azon aytib, ismini Imona qo`yib keldik. Xudoga shukr, hozircha hammasi joyida", — deb yozadi Alisher Nazar.






