Bugun ertalab soat 8:55 dan 13:40 gacha Toshkent viloyati Bekobod shahar tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga holsizlik, tana haroratining ko`tarilishi, qorinda og`riq, ko`ngil aynishi, qayt qilish, ich ketish belgilari bilan 15 nafar bog`cha yoshidagi bolalar olib kelingan. Ular zudlik bilan mutaxassis shifokor ko`rigidan o`tkazilib, “o`tkir diareya” tashxisiga gumon qilinib shifoxonaga yotqizilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan o`rganish ishlarini olib bordi va quyidagilarni aniqladi.
Ma`lum bo`lishicha, murojaat qiluvchilar Bekobod shahar 15-maktabgacha ta`lim muassasasining tarbiyalanuvchilari hisoblanadi.
Ayni paytda shifoxonaning malakali mutaxassislari tomonidan bemorlardan umumiy labarator tahlil namunalari olinib, tuman DSENMga yuborilgan.
Barcha bemorlar shifokorlar tomonidan chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, kerakli tavsiyalar berilgan. Bemorlarni davolash ishlari qat`iy nazoratga olinib, etarli darajada dori-darmonlar bilan ta`minlangan.
Ko`rilgan tezkor choralar natijasida bolalarning umumiy ahvoli yaxshilandi, shifokorlar davolash ishlarini olib bormoqda.
Hozirda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur holat qat`iy nazorat ostiga olingan.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






