Namangan viloyati Chust tumani, G`ova qishlog`ida 20 sentyabr kuni o`tkazilgan to`yda 18 nafar fuqaro ovqatdan zaharlandi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, to`ydan so`ng 18 nafar fuqaro tana harorati ko`tarilishi, qorin sohasida og`riq, qusish va ich ketishi holati bo`yicha tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.
Ularning barchasi 21 sentyabr kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilib, tibbiy muolajalar o`tkazilgan. Bemorlarga «Ovqat hazm qilishning buzilishi» tashxisi qo`yilgan.
Davolanishlardan so`ng 23 sentyabr kuni ushbu fuqarolardan 15 nafari sog`aygan holatda uylariga ruxsat berilgan. Shifoxonada qolgan 3 nafar bemorga ham 25 sentyabr kuni sog`lig`i to`liq tiklanganligi sababli ruxsat berilgan.
Mazkur holat bo`yicha kasallik bilan og`rib, hozirgi kunda salomatligi yaxshilangan bemorlarning barchasini yashash hududidagi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 49-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi tibbiyot xodimlari tomonidan dispanser nazoratiga olish bilan bir qatorda to`y marosimida qatnashgan boshqa fuqarolar ham tibbiy kuzatuvga olingan.
Hozirda tuman IIB tergov boshqarmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






