AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ilk bor o`tkazilayotgan «Razvedka reydi» musobaqasiga start berildi

'O`zbekistonda ilk bor o`tkazilayotgan  «Razvedka reydi» musobaqasiga start berildi'ning rasmi

Jizzax viloyatida joylashgan «Forish» tog`-dala o`quv maydonida Mudofaa vazirligi qo`shinlari razvedka bo`linmalari o`rtasidagi «Razvedka reydi» musobaqasi yakuniy bosqichining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda okrug hamda oliy harbiy ta`lim muassasalaridan jami 11ta jamoa ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda milliy armiyamizning nufuzi tobora ortib boryapti. Xususan, harbiy xizmatchilarimiz qator davlatlarning armiyalari bilan hamkorlikda olib borilayotgan o`quv mashg`ulotlarida, shuningdek, xalqaro harbiy musobaqalarda nimalarga qodir ekanligini amalda isbotlamoqda.

Ayniqsa, razvedkachilarimiz 2018 yili Buyuk Britaniyada 133ta jamoa ishtirok etgan «Kembriya patruli» musobaqasida 1-o`rin, joriy yilda xalqaro armiya o`yinlarida 8ta jamoa o`rtasida 2-o`rin, yaqinda Qozog`istonda o`tkazilgan «Oltin ukki» musobaqasida esa faxrli 2-o`rinni qo`lga kiritdi.

Tadbirda so`z olganlar mazkur yutuqlarni alohida ta`kidlar ekan, ushbu musobaqada ishtirok etayotgan jamoalar orasidan ham ana shunday iqtidorli, bilimli va yuksak salohiyatli yurt himoyachilari saralanishiga ishonch bildirdi.

Ta`kidlash kerakki, mazkur musobaqa uch bosqichda o`tkazildi. Dastlab, harbiy qism, so`ngra okrug miqyosida g`olib bo`lgan jamoalar yakuniy bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo`lga kiritdi. Yakuniy bosqichda esa ular 10ta shart bo`yicha o`zaro bellashadilar.

Shu kuni jamoalar ilk shartlarni bajarishga kirishdi. Dastlab harbiy xizmatchilar 7,5 kilometrlik masofaga og`irligi 35 kilogrammga yaqin bo`lgan yuk qopi bilan marsh yurishdi. Mashg`ulot shartiga ko`ra, har bir jamoa yuqori qo`mondonlikdan berilgan maxsus vazifalarga asosan shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va qaror ishlab chiqish vazifalarini bajarishdi. Shuningdek, marsh yurish davomida minalashtirilgan yo`laklardan betalofat o`tish, jangda yaralangan harbiy xizmatchiga birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatish va uni bir yarim kilometr masofaga evakuasiya qilish sinovlaridan o`tdi.

Shundan so`ng uch kilometr uzoqlikdagi joylashuv hududiga etib borish, u erda qo`riqlov o`rnatish va guruh shaxsiy tarkibiga vaqtinchalik yashash joyini hozirlash, dala sharoitidan kelib chiqqan holda, zarur sharoitlar yaratish singari shartlarni bajarishdi.

Jamoalarning har bir harakati Mudofaa vazirligi mas`ul ofiserlaridan tayinlangan hakamlar hay`ati tomonidan xolisona baholab borildi. Oldinda hali ishtirokchilar belgilangan hududda razvedka ishlarini olib borish, shartli dushmanning ob`ektini yakson qilish, suvli to`siqlardan o`tish, azimut bo`yicha o`n kilometr masofaga harakatlanish, 3 kilometr masofaga yugurish, kimyoviy zararlangan hududlardan himoyalanish, ruhiy yo`laklar to`sig`idan o`tish va mutaxassislik bo`yicha qator me`yorlarni bajaradilar.

Eslatib o`tamiz, musobaqa joriy yilning 28 sentyabrigacha davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar