AsosiySiyosat

Senatda Sog`liqni saqlash vaziri axboroti eshitildi. Biroq unda sohaga oid dolzarb masalalar o`z aksini topmadi

'Senatda Sog`liqni saqlash vaziri axboroti eshitildi. Biroq unda sohaga oid dolzarb masalalar o`z aksini topmadi'ning rasmi

2019 yil 20 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi majlisi bo`lib o`tdi.

Unda Sog`liqni saqlash vazirining joylarda ayollar sog`lig`ini mustahkamlash, ularning reporduktiv salomatligini monitoring qilish, oilalarning tibbiy madaniyatini oshirish borasidagi ishlarning holati yuzasidan axboroti eshitildi.

Majlisda Qo`mita a`zolari, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.Ta`kidlanganidek, xotin-qizlar va farzandlar sog`ligi har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti darajasini ko`rsatuvchi muhim omil hisoblanadi. Millat genofondini saqlab qolish va rivojlantirish ham aynan shu jihatga bog`liq. Shu bois respublikamizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida doimiy diqqat markazida turadi.

Bu borada “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to`g`risida”gi Qonunning qabul qilinishi aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog`lom oilani shakllantirish, barkamol avlodni voyaga etkazishda muhim huquqiy poydevor hisoblanadi.

Shuningdek, so`nggi yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining shu masalaga oid qaror va farmonlarida belgilangan vazifalar doirasida keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi axborotida ham buni tasdiqlovchi qator raqamlar keltirilganligi majlisda qayd etib o`tildi.

Biroq shunga qaramay, taqdim etilgan ma`lumotlarda qator masalalar o`z aksini topmaganligi so`zga chiqqanlar tomonidan ta`kidlandi. Xususan, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan axborotda bolalar salomatligini saqlash borasida olib borilayotgan kompleks tibbiy tadbirlar yoritilmagan.

Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazish, ular orasida profilaktik emlash tadbirlarini tashkil etish masalalari ham yoritilmagan.

Ayollarda kuzatilayotgan bepushtlik holatlarini davolash zamonaviy tibbiyot oldida turgan dolzarb vazifa ekanligi majlisda alohida aytib o`tildi. Bunda yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qo`yish maqsadida yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish bilan bog`liq masalalar muhim o`rin tutadi. Biroq bu mavzuga ham eshitilgan axborotda urg`u berilmagan.

Shuningdek, respublikada mavjud perinatal markazlarning moddiy-texnika ta`minoti, yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganlik holati, sohaning yuqori malakali kadrlar bilan ta`minlanganlik darajasi o`rganilmagan.Vazirlik axborotida og`ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan, shuningdek odam savdosidan jabr ko`rgan xotin-qizlar va bolalarga ko`rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko`lami ochib berilmaganligi ham aytib o`tildi.

Shu bilan bir qatorda majlis ishtirokchilari tomonidan aholining tibbiy madaniyatini oshirish, yoshlarning huquqiy va tibbiy ma`rifati sohasidagi ishlarni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Jumladan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan o`tkazilgan so`rov natijalariga ko`ra, respondentlarning aksariyati “reproduktiv salomatlik” va “reproduktiv huquq” tushunchalari haqida etarli darajada xabardor emas. So`rovda ishtirok etganlarning 53 foizi tug`uruqlar oralig`i tibbiyot amaliyotida qabul qilingan normalarga muvofiq kamida 3 yilni tashkil etishi lozimligidan bexabar.

Shulardan kelib chiqib, Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasining majlisida eshitilgan axborotda o`z aksini topmagan masalalar ham atroflicha muhokama etildi.

Majlisda ko`rib chiqilgan masala bo`yicha Qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi

    Boshqa yangiliklar