AsosiyJamiyat

“Toshkent-Xorgos” va “Toshkent-Petropavlovsk” yo`nalishlarida avtobus qatnovi yo`lga qo`yiladi

'“Toshkent-Xorgos” va “Toshkent-Petropavlovsk” yo`nalishlarida avtobus qatnovi yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

Xorijiy davlatlarga chiqayotgan fuqarolarga va yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga qo`shimcha qulayliklar yaratish, ularni manzillariga o`z vaqtida hamda xavfsiz etkazib qo`yishni tashkil etish maqsadida Transport vazirligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deyiladi vazirlikning axborot xizmati xabarida.

Hususan, joriy yilning 25 sentyabridan e`tiboran qo`shni Qozog`iston Respublikasining Xorgos va Petropavlovsk shaharlariga muntazam avtobus qatnovlari yo`lga qo`yiladi. Mazkur yo`nalishlarda “Uzautotrans Service” korxonasi zamonaviy “Yutong” avtobuslarida xizmat ko`rsatadi.

“Toshkent-Xorgos” yo`nalishining umumiy masofasi 1235 kilometrni tashkil etadi. Qatnovlar haftaning dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Avtobuslar “Toshkent” avtovokzalidan soat 10:00 da yo`lga chiqadi. Chipta narxi - 200 000 so`m.

“Toshkent-Petropavlovsk” yo`nalishida esa qatnovlar kun ora amalga oshiriladi. Avtobus “Toshkent” avtovokzalidan soat 19:00 da jo`nab ketadi. Mazkur qatnovning yo`nalish masofasi 2150 kilometr bo`lib, chipta narxi - 337 000 so`m.

Shuningdek, “Uzautotrans Service” korxonasi 24 sentyabrdan e`tiboran “Toshkent-Qozon”, “Toshkent-Nur-Sulton” va “Toshkent-Xo`jand” yo`nalishlarida ham muntazam qatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi.

“Toshkent-Qozon” yo`nalishi bo`yicha qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Avtobus soat 11:00 da “Toshkent” avtovokzalidan jo`nab ketadi. “Toshkent-Qozon” xalqaro avtobus yo`nalishining masofasi 2651 kilometr bo`lib, yo`lkira haqi - 500 000 so`mni tashkil etadi. Safar davomida avtobuslar O`zbekistonning “G`isht ko`prik”, Qozog`iston Respublikasining “Jibek Jo`li” va “Jaysan” hamda Rossiya Federasiyasining “Sagarchin” chegara bojxona postlaridan o`tadi.

“Toshkent-Nur-Sulton” yo`nalishida qatnovlar kun ora amalga oshiriladi. 1646 kilometrga teng mazkur masofani avtobuslar 27 soat 30 daqiqada bosib o`tadi. Ushbu yo`nalishda chipta narxi - 220 000 so`m.

“Toshkent-Xo`jand” yo`nalishida qatnovlar har kuni amalga oshiriladi. Avtobuslar “Toshkent” va “Xo`jand” avtovokzallari o`rtasidagi Nurafshon, Bo`ka shaharlari orqali harakatlanib, “Oybek” va “Fotehobod” nazorat o`tkazish punktlaridan o`tadi. Ushbu yo`nalish masofasi 174 kilometrga teng bo`lib, chipta narxi - 50 000.

Ayni damda yuqoridagi barcha yo`nalishlar bo`yicha chiptalar sotuvi boshlangan. Chiptalarni “Toshkent” avtovokzali kassalaridan xarid qilish mumkin.

    Boshqa yangiliklar