Daniya poytaxti Kopengagen shahrida joriy yil 16-19 sentyabr kunlari Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy qo`mitasining 69-sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda JSSTning Evropa mintaqasidagi 53 ta a`zo davlatdan 500 dan ziyod nufuzli vakillar va sog`liqni saqlash vazirlari, hamkor tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlari vakillari qatori O`zbekiston delegasiyasi ham qatnashdi.
Tadbirda asosiy e`tibor tibbiyot sohasidagi keng qamrovli masalalar, shu jumladan, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish dasturini amalga oshirish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni muhokama qilishga qaratildi. Jumladan, so`nggi yillarda dunyoda sog`liqni saqlash sohasida erishilgan yutuqlar tahlil qilinib, mintaqada aholi salomatligini yanada yaxshilash borasida yangi strategiyalar ishlab chiqish tadbir ishtirokchilarining diqqat markazida bo`ldi.
Avval xabar qilganimizdek, tadbir doirasida O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan uchrashdi. O`zaro muloqotda O`zbekistonda sog`liqni saqlash sohasidagi islohotlar haqida atroflicha ma`lumot berildi. JSST Bosh direktori O`zbekistonda sog`liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo`yicha tanlangan strategiyasi va tajribasini yuqori baholadi. Sessiya jarayonida belgiyalik 50 yoshli mutaxassis Xans Klyuge olti nafar nomzod orasidan Evropa mintaqaviy byurosining yangi direktori etib saylandi.
Sessiya doirasida Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov O`zbekistonda “Salomatlik – 2020” dasturini amalga oshirishda to`plangan tajribalarga bag`ishlangan muhokamalarda ishtirok etdi va unda mamlakatimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil to`xtalib o`tdi.
Qayd etilganidek, bundan uch yil avval O`zbekistonda sog`liqni saqlash sohasini rivojlantirish bilan bog`liq qator muammolar mavjudligi sababli sohada chuqur islohotlar o`tkazish zarur bo`ldi. Shunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi va tashabbusi bilan sohani isloh qilishga kirishildi.
— Bunda, avvalo, ochiqlik siyosatidan boshlab, mamlakatimiz tarixida bo`lmagan parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlari ishlab chiqildi. Sog`liqni saqlash tizimi to`liq qayta ko`rib chiqilib, 30 dan ortiq rivojlangan davlatlarning sog`liqni saqlash sohasini isloh qilish tajribasi o`rganildi, — deydi, jumladan, Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. — Shundan so`nggina tibbiyot sohasini rivojlantirishga qaratilgan Konsepsiya ishlab chiqildi. Bu jarayonda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining nufuzli ekspertlari va mutaxassislarining qo`llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega bo`ldi.
Vazir, shuningdek, ushbu Konsepsiyani amalda tatbiq qilish bo`yicha ko`plab ishlar amalga oshirilayotganiga e`tibor qaratdi. Buning uchun 10 ta idoralararo guruhlar tashkil qilindi. Unga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirliklar vakillari kiritildi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy qo`mitasining 69-sessiyasida yangi strategiyalarni o`zida aks etgan ko`plab qarorlar qabul qilindi. Unga ko`ra, mintaqada sog`liqni saqlash ko`rsatkichlarini yanada yaxshilash yuzasidan kelgusidagi faoliyat uchun ko`plab vazifalar belgilab olindi.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






