Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti delegasiyasi O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurdi. Delegasiyaga universitet dekani professor Kvon Te-Vuk boshchilik qildi.
Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig`ining o`rinbosari polkovnik Ruftullo Ne`matov uchrashuv davomida mamlakatlarimiz uzoq vaqt davomida sinalgan strategik hamkor ekanligini ta`kidlab o`tdi. Ikki mamlakat rahbarlarining yuqori darajadagi tizimli aloqalari O`zbekiston – Koreya Respublikasi o`rtasidagi harbiy munosabatlarni yangi darajaga olib chiqdi.
Mazkur yo`nalishda Qurolli Kuchlar akademiyasi va Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti o`rtasida imzolangan memorandum alohida ahamiyat kasb etdi. O`zbekiston Mudofaa vazirligining 20 nafardan ortiq ofiserlari turli yo`nalishlarda tajriba almashish maqsadida Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy ta`lim muassasalarida tayyorgarlik o`tab qaytdi.
Tadbir yakunida Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti o`qituvchilari akademiyada yaratilgan sharoitlar, uning infratuzilmasi bilan yaqinda tanishib, o`quv xonalarida kursantlar bilan suhbatlashdilar.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning 4-6 sentyabr kunlari O`zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi harbiy delegasiyasi xavfsizlik va mudofaa masalalari bo`yicha Koreya Respublikasida o`tkazilgan “Seul muloqoti – 2019” forumida ishtirok etgan edi. Tadbirlar davomida general-mayor Azizbek Ikramov Koreya Respublikasi Milliy mudofaa vaziri o`rinbosari Pak Chje Min bilan ikki tomonlama uchrashuv o`tkazgan.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






