Mobil qurilmalarni IMEI orqali ro`yxatga olish tartiblari belgilandi. Ular 1 noyabrgacha avtomat ravishda bepul, 1 dekabrdan esa pulli asosda ro`yxatga olinadi.
O`zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro`yxatga olish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligining rasmiy Telegram-kanali. Vazirlar Mahkamasi 17 sentyabr kuni tegishli qarorini qabul qildi.
Qarorga muvofiq, mobil qurilmalar:
- 2019 yil 1 noyabrgacha — ularni avtomatik tarzda mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulash (aktivlashtirish) orqali bepul asosda;
- 2019 yil 1 noyabrdan — jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o`ziga xos identifikasiya kodlari bo`yicha ro`yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali bepul, 2019 yil 1 dekabrdan esa pulli asosda ro`yxatga olinadi.
Nizomga ko`ra, mobil qurilmalarni ro`yxatga olish Tizim operatori yoki Tizim ro`yxatga oluvchisiga murojaat bo`yicha amalga oshiriladi.
Avval ro`yxatga olingan mobil qurilmalar qayta ro`yxatga olinmaydi.






