AsosiyJamiyat

Toshkent metropoliteni 19 sentyabr kuni bepul xizmat ko`rsatadi

'Toshkent metropoliteni 19 sentyabr kuni bepul xizmat ko`rsatadi'ning rasmi

16-22 sentyabr kunlari Toshkentda ilk bor Evropa harakatlanish haftaligi o`tkaziladi. Shu tariqa mamlakatimiz poytaxti ham Evroittifoq 2002 yildan buyon tashkil etib kelayotgan yirik aksiyaga qo`shiladi.

Haftalik dasturiga ko`ra, 19 sentyabr kuni Toshkent metropoliteni yo`lovchilarga tekin xizmat ko`rsatadi. Metro bekatlarida musiqachilar va aktyorlar ishtirokida tomoshalar namoyish etiladi, foto va rasmlar ko`rgazmalari tashkil etiladi.

18 sentyabr kuni BMT va EIning etakchi ekspertlari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirokida shahar infratuzilmasi hamda yo`llarda xavfsizlik ta`minlash mavzusida davra suhbati tashkil etiladi.

22 sentyabr esa «Avtomobilsiz harakatlanish kuni» deb e`lon qilingan. Shu kuni Toshkentning Lutfiy ko`chasida piyoda sayr qilish mumkin bo`ladi. «Biz bilan yur!» shiori ostida o`tkazilayotgan haftalik Seul bog`ida bayram dasturi bilan yakunlanadi.

Evropa harakatlanish haftaligi (European Mobility Week) EI tomonidan Xalqaro jamoat transporti ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etib kelinadi. Haftalikdan ko`zlangan maqsad ham insonlar salomatligini saqlash, ham atrof-muhit tozaligini muhofaza etishdan iborat. Piyoda, velosipedda yoki jamoat transportida harakatlanishni keng targ`ib etish orqali transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar miqdorini kamaytirish, ekologiyani muhofaza qilish, sog`lom turmush tarzini targ`ib etish hamda energiya manbalarini tejash ko`zda tutilgan.

Evropa ittifoqining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stipraysga ko`ra, bu yil haftalikda dunyoning 2450 ga yaqin shahri ishtirok etmoqda.

An`anaga ko`ra, Evropa harakatlanish haftaligi doirasida faollik va kreativlik namoyish etgan shaharlar taqdirlanadi. O`tgan yili katta shaharlar nominasiyasida Lissabon (Portugaliya), kichik shaharlar yo`nalishida esa Lindau (Germaniya) European Mobility Week mukofotiga loyiq deb topilgan.

    Boshqa yangiliklar