AsosiyJamiyat

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi UNWTO Bosh kotibi bilan uchrashdi

'Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi UNWTO Bosh kotibi bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Sankt-Peterburgdagi Butunjahon turizm assambleyasi (UNWTO)ning XXIII sessiyasi doirasida UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida O`zbekistonning UNWTO bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish haqida so`z bordi. Zurab Pololikashvili O`zbekistonning so`nggi yillarda turizmni rivojlantirish yo`lida olib borilayotgan islohotlarni alohida e`tirof etdi hamda UNWTO Evropa kengashining 65-sessiyasini Samarqandda o`tkazishda yurtimizni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Suhbat chog`ida Butunjahon turizm assambleyasining XXV sessiyasini O`zbekistonda o`tkazish masalasi mahokama qilindi. Bosh kotib mazkur g`oyani qo`llab-quvvatlagan holda, UNWTO’ning Marokashda o`tishi rejalashtirilayotgan XXIV sessiyasida bu masala ishlab chiqilishini bildirdi. Shuningdek, Abdulaziz Aqqulov UNWTO’ning tavakkal va inqirozlarni boshqarish bo`limi hamda konsultasion guruh rahbari doktor Dirk Glesser bilan uchrashdi va tomonlar O`zbekistonda turizmni barqaror rivojlantirish masalasini muhokama qilishdi. Uchrashuv davomida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Samarqand shahridagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti huzurida Turizm observatoriyasini ochish g`oyasini ilgari surdi. Mazkur tashabbus janob Glesserga juda manzur bo`ldi va u ushbu observatoriyani ochish hamda uning vazifalari bo`yicha zarur tavsiyalarni berdi.

Bundan tashqari, Abdulaziz Aqqulov sessiya doirasida Lyuserndagi Butunjahon turizm forumi prezidenti va bosh direktori Martin Bart bilan uchrashib, O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilish masalasini muhokama qildi. Ushbu kompaniya bilan hamkorlik 2 yillik hamkorlik va barqaror rivojlantirish dasturini ko`zda tutadi. Bunda nafaqat turistlar sonini oshirish, balki shunga muvofiq infratuzilma, sayyohlarni qabul qilish madaniyati hamda mehmonxona fondini ham rivojlantirish nazarda tutiladi. Bundan tashqari, ushbu dastur doirasida xalqaro darajadagi uch tadbirni o`tkazish ham rejalashtiriladi. Kompaniya bilan shartnoma imzolangandan keyin mazkur tashkilot O`zbekistonga eksklyuziv xizmat ko`rsatadi, ya`ni mamlakat turizm salohiyatini targ`ib qiladi, uchrashuvlar belgilaydi hamda investisiya jalb qilish va infratuzilmani rivojlantirishga oid zarur maslahatlar beradi.

    Boshqa yangiliklar