AsosiyJamiyat

Abdulaziz Aqqulov Sankt-Peterburgda qator xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi

'Abdulaziz Aqqulov Sankt-Peterburgda qator xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi'ning rasmi

Sankt-Peterburgda o`tayotgan Butunjahon turizm assambleyasining XXIII sessiyasi doirasida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Pas Grau Internacional Management (PGI Management) kompaniyasi direktori Mariano Xervas bilan uchrashdi.

Ma`lumot uchun: PGI Management tog`-chang`i komplekslaridagi biznes jarayonlarni boshqarishga doir xizmatlarni taqdim etuvchi dunyoning etakchi kompaniyasi bo`lib, SAETDE/Grandvalira kompaniyasining xalqaro vakolatxonasi hisoblanadi. Mazkur kompaniya O`zbekistondagi “Amirsoy” loyihasining bosh hamkoridir. Kompaniya loyiha bosh rejasini tuzgan, uning qurilish va ishga tushish jarayonlari monitoringini amalga oshiradi. Shu bilan birga, loyiha yo`lga qo`yilganidan so`ng bir necha yil davomida operasion boshqaruv va konsultasiyani yuritadi. Kompaniya nafaqat turizm loyihalarini yo`lga qo`yib boshqaradi, balki uning atrofidagi infratuzilmalarni kompleks rivojlantirish bilan ham shug`ullanadi. Uchrashuv yakuniga ko`ra, 2 punkt bo`yicha kelishuvga erishildi. Kompaniya Zomin, Boysun va Nanay turistik klasterlarini yaratishga oid loyihalarni moliyaviy ta`minlash, loyihani investorlarni jalb qilish uchun targ`ib qilish hamda o`zaro manfaatli sharoitlarda xalqaro moliyaviy institutlar grantlari/kreditlarini jalb qilishga doir taklif beradi. Tadbir doirasida PGI Management direktori shuningdek O`zbekistonda turizm turlari diversifikasiyasi zaruratini inobatga olgan holda, sayyohlik zonalarni rivojlantirishga doir qarashlari bilan o`rtoqlashdi.

Mariano Xervas O`zbekistonning bu yo`nalishdagi ulkan salohiyatini alohida ta`kidlab, yuqorida qayd etilgan uch loyihadan tashqari, mamlakatimizning boshqa hududlari, jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi va Farg`ona vodiysi bosh rejalarini tayyorlashda ko`mak berishga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Abdulaziz Aqqulov Sankt-Peterburgga tashrifi doirasida mehmonxona biznesi bilan bog`liq xizmatlarni ko`rsatuvchi URPEAK boshqaruvchi direktori Olga Noviskaya bilan uchrashdi. Ma`lumki, O`zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni oshgani sayin ularga sifatli xizmat ko`rsatish, kadrlar masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. O`zbekiston Prezidentining 5781-sonli farmonida bu alohida ko`zda tutilgan. Olga Naviskaya Qo`mita raisi bilan uchrashuv davomida mehmonxonalarda xizmat ko`rsatuvchi kadrlarning malakasini oshirish, O`zbekistondagi mutaxassislar imkoniyatlarini bilish uchun dastlab Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari hamda mehmonxonalar xodimlari ishtirokida vebinar o`tkazish taklifini bildirdi, shundan kelib chiqqan holda tizimni takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqilib, taqdim etilishiga kelishildi.

Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi “Rossiya” Milliy kongress-byurosi direktori Aleksey Kalachev bilan uchrashdi. Aleksey Kalachev Prezidentning 5781-farmoni asosida tashkil etilayotgan O`zbekiston kongress va ko`rgazma markazini tashkil qilish, ularda konsalting faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Abdulaziz Aqqulov O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 sentyabr kuni bo`lib o`tgan yig`ilishida berilgan topshiriqqa muvofiq, “TMI Consultancy” kompaniyasining RFdagi ofisi direktori Xelena Lloyd bilan uchrashdi.

Tomonlar Rossiya Federasiyasida O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilishga oid marketing rejasini tuzish bo`yicha kelishuvga erishishdi. Reja rossiyalik turistlarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, bir yillik davr uchun tuziladi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasiga ko`rib chiqish uchun taqdim etiladi. “Lloyd yaqin 1-2 oy ichida ushbu rejani tayyorlaydi, hujjat tasdiqdan o`tgan taqdirda, noyabr oyidan ushbu marketing rejasini amalga oshirish jarayoni boshlanadi. Bunda asosiy e`tibor dastlab Yangi yil ta`tili davrida Rossiyadan O`zbekistonga sayohat qiladigan kishilar sonini oshirishga qaratiladi”, - deydi Abdulaziz Aqqulov. Ma`lumot uchun: TMI Consultancy — Buyuk Britaniyaning turistik xizmatlar va ta`lim mahsulotlari targ`ibotiga ixtisoslashgan marketing kompaniyasi bo`lib, u FIPRA xalqaro kompaniyasi va Travel Consul PR agentligi bilan hamkorlik qiladi.

    Boshqa yangiliklar