AsosiyJamiyat

Yong`inga chidamli qurilish materiallari yaratish masalasi muhokama qilindi

'Yong`inga chidamli qurilish materiallari yaratish masalasi muhokama qilindi'ning rasmi

FVV Yong`in xavfsizligi institutida «O`zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan hamkorlikda «Yong`inga chidamli qurilish materiallari yaratishning dolzarb muammolari va echimlari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o`tkazildi, deya xabar qiladi O`zbekiston Respublikasi FVV Yong`in xavfsizligi instituti matbuot xizmati.

Anjumandan ko`zlangan maqsad respublikamizda yong`in xavfsizligini ta`minlashda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida mavjud dolzarb muammolar yuzasidan keng miqyosli muhokama o`tkazib, mahalliylashtirish dasturi asosida yangi, zamonaviy, yong`inga chidamli qurilish materiallari, konstruksiyalar va buyumlarni ishlab chiqarish, o`z navbatida import ulushini kamaytirish, ichki bozorning qurilish materiallariga bo`lgan talab-ehtiyoji qondirilishini ta`minlash masalalarini ko`rib chiqish va ularning eng maqbul echimlarini topish.

Tadbirda bugungi kunda qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish dasturi asosida yangi zamonaviy qurilish materiallari, konstruksiyalar va buyumlarni ishlab chiqarish, o`z navbatida import ulushini kamaytirish, ichki bozorning qurilish materiallariga bo`lgan talab-ehtiyoji qondirilishini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratilayotganligi to`g`risida fikr yuritildi.

Soha mutaxassislarining qayd etishicha, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va respublika hududiga chetdan olib kirilayotgan qurilish materiallarining aholi turar-joy sektorlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha ob`ektlarining yong`in xavfsizligini ta`minlashdagi o`rni muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Xususan, sodir bo`layotgan yong`inlarning aksariyati yong`in xavfi yuqori sanalgan qurilish materiallarining termik parchalanishi natijasida insonlarning kuchli zaharlanish oqibatida hayotdan ko`z yumayotganligi sabab bo`lmoqda. Bunday holatlarning oldini olish va yong`inga xavfsiz qurilish xom-ashyolarini yaratish yuzasidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni yanada jadallashtirish hamda samarali natijalarini hayotga keng tatbiq etish masalalari bo`yicha alohida ta`kidlab o`tildi.

Har bir mahsulot turi sertifikatga (yoki sinov protokoli) ega va unda tegishli bo`lgan xavflilik guruhning aniq ko`rsatgichlari ko`rsatilgan bo`lishi kerak. Anjumanda shunday mahsulotlarning ba`zilariga to`xtalib o`tildi. Jumladan:

Gipsokarton. Qalinligi 8-12 mm bo`lgan standart gipsokarton plitasi bevosita ochiq olov ta`siriga 15-20 minut davomida bardoshli bo`lib, so`ngra uning emirilish jarayoni boshlanishi mumkin.

Sendvich panellar. Sendvich panellarning olovga bardoshliligini butligicha tavsiflab bo`lmaydi; ular qanday materiallardan tayyorlanganligi aniqlanishi kerak. Masalan, po`lat tunukali va qalinligi 150 mm bo`lgan poliuretanli isitkich qatlamli plitasi 30 daqiqa, shu kabi qalinligida isitgich qatlami ko`pikli polistirolidan bo`lgan plitasi esa 15 daqiqa davomida olovga bardosh bera oladi.

Gazli va ko`pikli betonlar. Gazli va ko`pikli beton materiallari yaxshi olovga bardoshlik xususiyatga ega. Agarda 120 daqiqa davomida ochiq alanga bilan shunday beton plitalaridan yasalgan devoriga ta`sir etilsa ham, ular zaharli gaz va tutun ajratmasdan o`z xususiyatini yo`qotmaydi.

Polikarbonat. Mumkatak plastiklar minimal yonuvchanlik va alangani tarqalish hamda mo`tadil alangalanuvchi xususiyatiga ega.

Ondulin. Material bitum bilan shimdirilgan karton va barcha kelib chiqadigan oqibatlar asosida ishlab chiqilgan. Uning tarkibida mineral qo`shimchalarning mavjudligiga qaramay, ondulin yonishga chidamsiz bo`lib, yong`in vaqtida yuqori xavfga ega.

    Boshqa yangiliklar