Oliy Majlis Senati yigirma birinchi yalpi majlisida “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun ko`rib chiqildi.
Mazkur hujjatda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish bilan bog`liq huquqiy normalardan kelib chiqib, bir qator qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, “O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida”, “Sudlar to`g`risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to`g`risida”, “Tezkor-qidiruv faoliyati to`g`risida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”, Jinoyat-prosessual, Bojxona va Soliq kodekslari hamda boshqa qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Qonunning 19-moddasida chaqiruv tadbirlarining qish davrida o`tkazilishi qator qiyinchiliklar va sarf-xarajatlarning ortishiga olib kelayotganligi sababli, chaqiruvni bahor, ya`ni mart-aprel oylariga o`tkazish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, 21-moddasi oliy ta`lim muassasalaridagi ta`limning kunduzgi va kechki shaklida tahsil olayotgan talabalarni o`z roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinishi mumkinligi, bunda talabalar bir oylik harbiy yig`inlarni o`tashga iyul-avgustda jalb etilishini nazarda tutuvchi qism bilan to`ldirilmoqda.
Majlisda senatorlar ushbu qonun yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish va tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






