AsosiyJamiyat

Maqsad – jinoyatdan xoli hududlarni ko`paytirish

'Maqsad – jinoyatdan xoli hududlarni ko`paytirish'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining malaka oshirish instituti Termiz shahri va tumanlar ichki ishlar organlari navbatchilik qismi inspektorlari, jinoyat qidiruv bo`limi, bo`linma va guruhlar boshliqlari hamda profilaktika inspektorlari uchun sayyor o`quv yig`ini tashkil etdi.

Ichki ishlar Vazirligining Surxondaryo viloyati akademik liseyidagi malaka oshirish instituti filialida o`tkazilayotgan o`quvda soha xodimlari xizmat faoliyatidan ajralmagan holda kasbiy bilim, mahorat va ko`nikmalarini oshirmoqda. Tizimga oid yangiliklar bilan tanishayotir.

– Dastlabki sayyor o`quv yig`inida mamlakatimizning barcha mintaqalarida ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar bo`limi boshliqlari, ularning o`rinbosarlari, profilaktika inspektorlari va istiqbolli yosh kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning kasbiy bilim va mahoratini oshirishga yo`naltirilgan mashg`ulotlar o`tkazildi, – deydi Ichki ishlar vazirligining malaka oshirish instituti katta o`qituvchisi U.Tuymaboev. – Navbatdagi bosqich o`quvimiz shu jarayonda to`plangan tajribalar asosida tashkil etilayotgani bilan ahamiyatli bo`lmoqda.

DSC_0030.JPG

O`quv mashg`ulotlarida jalb qilingan xodimlarning jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish, profilaktika inspektorlarining viktimologik profilaktik faoliyati, tezkor va profilaktik hisoblar va ularni takomillashtirish bo`yicha chuqur bilim berilmoqda. Axborot-texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlar va “Internet” tarmog`i orqali sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni tashkillashtirish va bu boradagi muammolarni bartaraf etish, jamoat xavfsizligini ta`minlash samaradorligini oshirish, shuningdek navbatchilik qismi faoliyatini to`g`ri tashkil etish yo`nalishidagi dolzarb masalalar yuzasidan bilimi va amaliy mahorati oshirilayotir.

–Vazirligimizning alohida farmoyishiga asosan tashkil etilgan 2-bosqich sayyor o`quv yig`ini biz uchun juda foydali bo`lmoqda, – deydi Angor tumani IIB navbatchilik qismi katta inspektor navbatchisi, kapitan A.Ro`ziev.–Unda yo`nalishimiz bo`yicha yangiliklar bilan yaqindan tanishib, yangi farmon, qaror va buyruqlar mazmun-mohiyatini atroflicha o`rganyapmiz. Bu erda olgan bilim va ko`nikmalarni xizmat vaqtida qo`llab, yanada yaxshi natijalarga erishamiz.

Darslar innovasion pedagogik texnologiyalarni qo`llagan holda interfaol usullar asosida o`tkazilmoqda. Bu jarayonda sohada duch kelinayotgan muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularning echimi yuzasidan taklif va tavsiyalar berilmoqda.

DSC_0032.JPG

– Institutning professor-o`qituvchilari hamda viloyat IIBning tajribali xodimlari tomonidan o`tkazilayotgan mashg`ulotlarda xizmat faoliyatimiz bo`yicha huquqiy, kasbiy tayyorgarligimizni yanada oshirayapmiz, – deydi Sherobod tumanidagi 79- tayanch punkti profilaktika katta inspektori, kapitan R.Xudayqulov. – Bu bizning keng jamoatchilik bilan xizmatni sifatli tashkil etishimizda muhim o`rin tutadi. Hududda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga ko`maklashadi. Hududimizda 7 ming 700 dan ortiq fuqaro yashaydi. Joriy yilning o`tgan davrida ikkita jinoyat sodir etilib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan uchtaga kamaydi. Bu o`quvlar kelgusida mahallalarimizni jinoyatdan holi hududga aylantirishda muhim omil bo`ladi.

Sayyor o`quv yig`ini yakunida tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi.

    Boshqa yangiliklar