Joriy yil 29 aprel – 2 may kunlari Gollandiyaning Gaaga shahrida bo`lib o`tgan VI butundunyo odil sudlov forumi doirasida “Butundunyo odil sudlov da`vati – 2019: odil sudlovga erishish” tanlovining final bosqichida O`zbekiston milliy axborot elektron sudlov tizimi E-SUD ishtirok etgan edi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, O`zbekiston milliy axborot elektron sudlov tizimi forumda ko`plab nufuzli mehmonlar e`tiborini tortdi. Xususan, “Butundunyo odil sudlov” loyihasi Prezidenti va Bosh direktori Vilyam Neukman shaxsan forum doirasida tashkil etilgan O`zbekiston milliy E-SUD elektron tizimi axborot burchagini ko`zdan kechirarkan, O`zbekistonda bu yo`nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
O`zbekistonda E-SUD elektron tizimi 2014 yildan buyon O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQShning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMTning O`zbekistondagi taraqqiyot dasturi “O`zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik” loyihasi doirasida amalga joriy etib kelinmoqda.
Bu tizimning asosiy maqsadi sudlarda ishlarni ko`rish tartibini soddalashtirish, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, umuman aytganda, fuqarolarning sudga murojaat etishi uchun qulaylik va engillik yaratishdan iborat.

E-SUD sudlov tizimi 2018 yildan fuqarolik ishlari bo`yicha 75 ta tumanlararo, tuman (shahar) va 14 ta viloyat sudlarida muvaffaqiyatli joriy etildi.
Bu elektron sudlov tizimining sudlar faoliyatiga joriy etilishi natijasida fuqarolarning tashrifi 6-7 martadan 2-3 martaga kamaydi, bu o`z navbatida, taraflarning sezilarli mablag`i tejab qolinishiga erishildi.
Endilikda fuqarolar nizoli holatlarni hal qilish maqsadida vaqt va mablag` sarflab sudga bormasdan uy yoki ishxonada turib, E-SUD elektron sudlov tizimi orqali murojaat qilishi mumkin.
Ayni vaqtda E-SUD tizimida 13 ming foydalanuvchi ro`yxatga olingan, ularning 600 nafarini advokatlar, 2084 tasini yuridik, 9906 nafarini jismoniy shaxslar tashkil etadi. Foydalanuvchilarning 4938 nafari (49,8 foizi) ayollardan iborat.
Bundan tashqari keyingi ikki yilda E-SUD tizimi orqali 37 ming nafardan ortiq ayollar voyaga etmagan farzandlari ta`minoti uchun aliment undirish bilan bog`liq nizolarni muvaffaqiyatli hal etishdi. Bu ko`rsatkich 2017 yildagi ko`rsatkichga nisbatan 11 marta ko`pdir.
Qayd etish kerakki, butun dunyo odil sudlov loyihasi jahon davlatlarida qonun ustuvorligi indeksini (The WJP`s Rule of Law Index) ishlab chiquvchi sanaladi.

Bu indeks 2010 yilda ishlab chiqilgan. Butun dunyo odil sudlov forumi final bosqichiga O`zbekiston elektron tizimining ishtirok etishi va uning imkoniyatlari taniqli huquqshunoslar, advokatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan munosib baholanishi mamlakatimizning xalqaro reytingda nufuzi oshishi, milliy iqtisodiyotimizga yanada ko`proq investisiyalar jalb etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Gaagada o`tgan forum doirasida O`zbekiston delegasiyasi BMT bosh kotibi yordamchisi, BMT taraqqiyot dasturi bosh direktori Asako Okay bilan uchrashib, kelgusidagi o`zaro hamkorlik haqida kelishib olishdi.
Oliy sud Matbuot xizmati






