Azaldan xalqimiz Ramazon oyi uchun alohida tayyorgarlik ko`rgan. Bu muborak kunlarda barcha birdam, mehribon bo`lib, yoru do`stlari haqida qayg`urib, xato-kamchiliklarini kechirishi lozim. Ramazon tenglik oyidir. Bu oyda keksalar, bemorlar holidan xabar olinadi va muhtojlarga yordam beriladi.
Ramazon oyi arafasida masjidlar atrofini obod qilish, namozxonlar uchun qulay shart-sharoit hozirlash va sanitariya-gigiena holatlarini yaxshilash maqsadida O`zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan barcha jome masjidlarda “Ozodalik kuni” hashar-tadbirlari o`tkazildi. Bu tadbirlarda xalqimizga xos mehr-oqibat, o`zaro hamjihatlikda masjidlar, mahallalar va ko`chalarni ozoda qilish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirildi.
Bu borada poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida ham tizimli ishlar olib borildi.
Prezidentimizning 2019 yil 1 maydagi “Muborak ramazon oyini munosib tarzda o`tkazish to`g`risida”gi qarori milliy va diniy qadriyatlarimizga bo`lgan hurmatni yanada mustahkamlash, el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-muruvvat ramzi bo`lgan muborak Ramazon oyini munosib o`tkazish, ushbu oyda islom dinining tinchlik, bag`rikenglik, shukronalik kabi olijanob g`oyalari hamda insonparvarlik mohiyatini keng targ`ib qilishda muhim dasturilamal vazifasini bajardi.
Mahallalarda mehr-oqibat va o`zaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat beriladigan bo`ldi.
Shunday kunlarda iftorlik marosimlari tashkil etishda isrofga yo`l qo`ymaslik ham har bir kishi jiddiy e`tibor qaratishi lozim bo`lgan masaladir. Mahallalarda o`tkazilayotgan aholi bilan uchrashuvlarda bu masalaga alohida ahamiyat qaratish zarurligi oqsoqollar, mahalla faollari bilan birga tushuntirilmoqda. Maqsad bu muborak oyning ro`zasini ixlos bilan tutib, har bir daqiqasini g`animat bilib, ko`proq ibodat va yaxshiliklar qilishdir.






