AsosiyJamiyat

​«TAPOiCh» chorrahasidagi 3 pog`onali yo`l o`tkazgich qurilishi davom etmoqda

'​«TAPOiCh» chorrahasidagi 3 pog`onali yo`l o`tkazgich qurilishi davom etmoqda'ning rasmi

Toshkentdagi Ohangaron va Maxtumquli ko`chalari kesishmasida O`zbekistonda qo`llanilmagan 3 pog`onali yo`l o`tkazgich qurilishi davom etmoqda. Bugungi kunda hududda tunnel qazish ishlari yakunlanib, yo`l o`tkazgich tirama devorlarini qurilish-montaj jarayoni amalga oshirilmoqda, deya xabar qildi «O`zbekiston temir yo`llari» kompaniyasi matbuot xizmati "Gazeta uz" nashriga.

Shu vaqtga qadar inshootning estakada yo`l o`tkazgichida 6 ta tayanch qurilishi yakunlangan, shundan 3 tasiga rigellar montaj qilingan. Shuningdek, tunnel qismi tirgak devorlarini ko`mish hamda xalqa qismida oraliq balkalarini o`rnatish bo`yicha qurilish-montaj ishlari qizg`in davom etmoqda. Jumladan, tunnel qismi bo`yicha 85 foiz, xalqa qismi bo`yicha 70 foiz, yo`l o`tkazgich qismi bo`yicha 35 foiz bunyodkorlik ishlari bajarilgan. Obektda 150 ming kub metrdan ortiq er va 11 ming kub metrdan ziyod beton ishlari bajarildi.


Ma`lumki, mazkur bunyodkorlik loyihasi «Ko`prikqurilishloyiha» UK hamda «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihaga ko`ra dastlab umumiy uzunligi 502, kengligi 26,7 metrni tashkil etuvchi tunnel quriladi.

Noyob inshootning ushbu quyi qismi balandligi jahon standartlariga mos ravishda 5,5 metr bo`lib, 6 ta avtomobil yo`lagidan iborat bo`ladi. Ikkinchi bosqichda er sathidan 1 metr balandlikda diametri 50 metrni tashkil etadigan doirasimon yo`l o`tkazgich qurish ishlari olib boriladi. Uchinchi bosqichda ushbu hududda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko`chalarini bog`lovchi o`ziga xos katta yo`l o`tkazgich quriladi. Yirik yo`l o`tkazgich 6 ta avtomobil yo`laklariga mo`jallangan bo`lib uning umumiy uzunligi 593, kengligi 26 metrni tashkil etadi.

Mazkur inshootni joriy yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar